
Toshkentda elektr uzilishlari yuzasidan energetika vaziriga senator so‘rovi yuborildi
01.08.2025 | 16:0044932
So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida elektr ta’minotidagi uzilishlar ko‘payib, aholi turmushi, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik faoliyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ko‘plab fuqarolar va tadbirkorlar 3–4 soatgacha davom etadigan elektr uzilishlari haqida shikoyat qilmoqda.

Bu holat nafaqat kundalik hayotga, balki transport harakati va yo‘l harakati xavfsizligiga ham tahdid solmoqda. Xususan, svetoforlar ishidagi uzilishlar harakatni tartibga solishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish va savdo ob’ektlarida sovutish tizimlarining ishdan chiqishi katta moliyaviy zararga olib kelayotgani, aholi xonadonlarida maishiy texnika vositalari ishdan chiqishi kuzatilmoqda.
Ma’lumot uchun, «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi Qonunning 39-moddasiga muvofiq, elektr energiyasi iste’molchilari sifatli va barqaror elektr ta’minotidan foydalanish huquqiga ega. Shu qonunning 61-moddasida ta’kidlanishicha, ta’minotni to‘xtatish yoki cheklash faqat favqulodda holatlarning oldini olish yoki avariyalarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi mumkin.
Shu munosabat bilan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan vaziyat yuzasidan tushuntirish berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov nomiga senator so‘rovi yo‘llandi.





