add

Toshkentda havoni ifloslantirgan 100 dan ortiq obyekt faoliyati to‘xtatildi

30.11.2025 | 17:302071 daqiqa

Maxsus komissiya o‘tkazgan reydlar davomida issiqxona, qurilish va transport sohalarida qator qoidabuzarliklar aniqlanib, yuzlab mas’ul shaxslarga ma’muriy choralar ko‘rildi.

Toshkentda havoni ifloslantirgan 100 dan ortiq obyekt faoliyati to‘xtatildi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ikrom Tog‘ayev 24–28-noyabr kunlari amalga oshirilgan nazorat ishlari natijalarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, issiqxonalar bo‘yicha 1449 ta obyekt o‘rganilib, ekologik talablarga javob bermagan 67 ta issiqxona faoliyati to‘xtatildi. Shuningdek, 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Gaz tizimiga qonuniy ulanish maqsadida 19 ta issiqxona xo‘jaligiga texnik shartlar taqdim etildi.

Qurilish ob’ektlariga oid nazorat ishlari ham jiddiy natijalarni ko‘rsatdi. Toshkent shahrida 6,3 gektar maydonni egallagan 53 ta noqonuniy qurilish ob’ekti aniqlandi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. 186 ta holatda atmosfera havosining ifloslantirilgani tasdiqlangan, 235 ta qurilish maydonida esa ko‘kalamzorlashtirish normalari bajarilmagani aniqlangan.

Shu munosabat bilan 34 ta ob’ektda ishlar vaqtincha to‘xtatildi, 188 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilandi. Ifloslanishning oldini olish maqsadida 51 ta ob’ektga suv purkagich uskunalari o‘rnatildi.

Shuningdek, avtotransportga oid qoidabuzarliklar ham kam kuzatilmadi. Yukni tentsiz tashigan 837 ta transport vositasi va me’yordan ortiq chiqindi chiqargan 206 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Teglar

Mavzuga oid