Toshkentda ichki ishlar organlari mingga yaqin jinoyat yashirgani aniqlandi
Poytaxtda ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatlarni yashirish holatlari aniqlanib, 954 ta noqonuniy qaror bekor qilindi va ular bo‘yicha jinoyat ishlari qayta qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahar prokurori Anvar O‘rmonov ma’lum qilishicha, o‘tgan yil davomida jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlarini aniqlash bo‘yicha keng qamrovli nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan 954 ta qaror noqonuniy deb topilib, bekor qilingan.
Yashirilgan jinoyatlar
Ushbu holatlarning 537 tasi shahar miqyosidagi mahkamalarga, 417 tasi esa tuman darajasidagi organlarga to‘g‘ri keladi. Yashirilgan jinoyatlar orasida 23 tasi og‘ir turdagi jinoyatlar ekani qayd etildi. Shuningdek, uchta holatda jinoyatlar umuman ro‘yxatga olinmasdan yashirilgani ma’lum bo‘ldi.
Prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov jarayonlari ustidan ham alohida nazorat o‘rnatilgan. Xususan, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish bo‘yicha 124 ta qaror bekor qilinib, ish qayta ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Jinoyat ishini tugatish haqidagi noqonuniy qarorlar
Bundan tashqari, 70 ta jinoyat ishini tugatish yoki to‘xtatish haqidagi qarorlar ham noqonuniy deb topilib, bekor qilingan. Prokuror nazorati doirasida tekshiruvlar qonuniylik, xolislik va to‘liqlik tamoyillari asosida olib borilgani ta’kidlandi.
Statistikaga ko‘ra, 2025 yilda Toshkent shahrida jami 30 600 ta jinoyat ro‘yxatga olingan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 4,7 foizga kamaygan. Qayd etilgan jinoyatlarning asosiy qismini — 16 248 tasini kiberjinoyatlar tashkil etgan.
Shu bilan birga, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni ham kamayib, 7 681 tani tashkil etgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 13,8 foizga past ko‘rsatkichdir.





