
Toshkentda noqonuniy reklama qurilmalari bo‘yicha reyd o‘tkazilmoqda
Shahar ko‘chalarini yagona me’moriy qiyofaga keltirish maqsadida tumanlarda reklama va axborot konstruksiyalari qat’iy nazorat ostiga olingani ma’lum qilindi.

Toshkent shahrida noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot konstruksiyalarini demontaj qilish ishlari izchil davom etmoqda. Tuman hokimliklari ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tadbirlar shahar muhitini tartibga solish, jamoat joylarida xavfsizlik va estetik talablarni ta’minlashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanida «Buyuk ipak yo‘li» metro bekati atrofida noqonuniy savdo faoliyatiga chek qo‘yilmoqda. Hududda o‘rnatilgan ruxsatsiz reklama qurilmalari, turli yozuv va e’lonlar olib tashlanib, jamoat makoni belgilangan me’yorlar asosida qayta tartibga keltirilmoqda.
Tuman hokimligi qayd etishicha, tushuntirish ishlari natijasida noqonuniy savdolar kamaygan, ko‘chalarda tartib va ozodalik ta’minlanmoqda. Olib borilgan ishlar doirasida tashqi reklama konstruksiyalari, bannerlar va axborot yozuvlari bosqichma-bosqich demontaj qilingan.
Shu bilan birga, Chilonzor tumanida ham ko‘chalarni yagona me’moriy va estetik dizaynga moslashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Markaziy va ichki ko‘chalarda yo‘lbo‘yi infratuzilmasi tartibga solinib, fasadlar belgilangan me’yorlar asosida ta’mirlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, piyodalar yo‘laklari va yashil hududlarni obodonlashtirish, yoritish tizimlarini yangilash hamda kichik arxitektura shakllarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu tadbirlar aholi uchun qulay va zamonaviy shahar muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ko‘p qavatli uylar atrofidagi hududlar ham belgilangan dizayn-kod talablari asosida qayta tartibga keltirilishi rejalashtirilgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, noqonuniy reklamalarni bartaraf etish ishlari shahar bo‘ylab davom ettiriladi.
2025 yilning noyabr oyida poytaxtda avtomobillarga tegishli ruxsatnomasiz o‘rnatilgan reklamalarni olib tashlash bo‘yicha reyd tadbirlari o‘tkazilgandi. Unda avtomobillarga pasportisiz o‘rnatilgan reklamalar olib tashlangan.
Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimi imzolagan qarorga ko‘ra, bozorlarda reklama maqsadida tasvirga olish narxi 5 mln so‘m etib belgilangan edi.





