
Toshkentda o‘rtacha oylik maosh 10 mln so‘mdan oshdi
25.07.2025 | 11:0022312
O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida ish haqi o‘sishda davom etgan. Ayniqsa, Toshkent shahrida o‘rtacha maosh 10 mln so‘mdan oshib, respublikadagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik maosh 5,9 mln so‘mdan oshib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga ko‘tarildi.
Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 10,1 mln so‘mni tashkil etdi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 18,8 foizga ko‘pdir. Bu ko‘rsatkich poytaxt aholisining daromadlari mamlakat bo‘yicha yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Navoiy viloyatida esa o‘rtacha maosh 7,4 mln so‘m bo‘lib, 13,4 foizlik o‘sish qayd etildi. Uchinchi o‘rindagi Toshkent viloyatida o‘rtacha ish haqi 5,6 mln so‘mni tashkil etgan va 15,3 foizga oshgan.
Hududlar kesimida ish haqi miqdoridagi farqlar hududiy iqtisodiy rivojlanish darajasi, sohalar faolligi va mehnat bozori sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.





