
Toshkentda pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomasi onlayn olish mumkin
Poytaxt aholisi uyi yaqinidagi pulli avtoturargohlardan foydalanish uchun rezidentlik ruxsatnomasini bepul onlayn rasmiylashtirishi mumkin.

Toshkent shahri aholisi pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlaridan foydalanish uchun rezidentlik ruxsatnomasini onlayn tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, rezidentlik ruxsatnomasi my.gov.uz portali orqali rasmiylashtiriladi. Buning uchun fuqarolar portaldan «Poytaxt Parking» rezidentlik ruxsatnomasini olish xizmatini tanlab, so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirgan holda elektron ariza yuborishi kerak.
Ariza tasdiqlanganidan so‘ng ruxsatnoma faollashtiriladi va undan darhol foydalanish mumkin bo‘ladi. Ruxsatnoma 1 yil muddatga amal qiladi. Bir xonadon manzili bo‘yicha esa ko‘pi bilan 2 ta rezidentlik ruxsatnomasi rasmiylashtirish mumkin.
Eslatib o‘tish joiz, 2025 yil dekabr oyida pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomalarining narxi belgilangan. Unga muvofiq, kunduzi soat 8:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqtda to‘xtash joyidan foydalanish uchun rezidentlik ruxsatnomasi yiliga BHMning 1 baravari, ya’ni 412 ming so‘m etib belgilangan. Tungi vaqtda, soat 20:00 dan 8:00 gacha esa avtoturargohlardan foydalanish bepul hisoblanadi.
Yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi 2025 yil 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida ishga tushirilgan. Keyingi bosqichlarda poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 86 ta ko‘chada jami 13 208 ta to‘xtash joyi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.





