
Toshkentda pullik avtoturargoh inspektori YTHda halok bo‘ldi
Abdulla Qodiriy ko‘chasida Onix haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, avtoturargoh inspektorini urib ketdi. «Poytaxt Parking» kompaniyasi holat yuzasidan bayonot berdi.

28-noyabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi pullik avtoturargoh inspektori Feruz Parmonovning halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi. YHXB xabariga ko‘ra, hodisa taxminan soat 11:10 da Abdulla Qodiriy ko‘chasida ro‘y bergan. Onix rusumli avtomobil haydovchisi harakat vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida xizmat vazifasini bajarayotgan avtoturargoh xodimini urib ketgan.
Oqibatda transport vositasi o‘ng qatorda to‘xtab turgan Nexia-3 va Cobalt avtomashinalariga ham borib urilgan hamda yo‘lning qatnov qismidan chiqib ketgan. Og‘ir jarohat olgan Feruz Parmonov voqea joyida halok bo‘lgani qayd etilgan. Hodisa bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan «Poytaxt Parking» kompaniyasi maxsus bayonot berdi.
«Biz ijtimoiy tarmoqlarda fojia sodir bo‘lgan joydan olingan foto va video materiallar, shuningdek, voqea go‘yoki ushbu ko‘chada pulli avtoturargohlar tashkil etilgani sababli sodir bo‘lgani haqidagi asossiz da’volar tarqatilayotganidan jiddiy tashvishdamiz. Jamoatchilikdan va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tergov yakunlanishini kutishni, marhumning xotirasini hurmat qilishni va ushbu fojiaga oid tekshirilmagan yoki yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘rab qolamiz», – deyiladi kompaniyasi xabarida.
Shuningdek, kompaniya vakolatli organlar bilan hamkorlikda tergov jarayonini ta’minlashga ko‘mak ko‘rsatayotganini, Onix haydovchisining ayb darajasi xolisona baholanishini ta’kidladi.
«Biz marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz. Feruz fidokor, tirishqoq va mas’uliyatli inson edi. Uning kutilmagan o‘limi butun jamoamiz uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Biz uning xotirasini chuqur hurmat qilamiz», – deyiladi bayonotda.





