
Toshkentda stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi
18.06.2025 | 12:3049772
2025 yil 26 iyundan 2 iyulgacha Toshkent shahrida stol tennisi bo‘yicha U15 va U19 yosh toifalari o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Musobaqada 22 davlatdan 400 dan ortiq yosh sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Eron, Qozog‘iston kabi stol tennisi bo‘yicha yetakchi mamlakatlar ham bor.
Musobaqa «Xumo Arena» sport majmuasida tashkil etiladi. Hozirda barcha jamoalar jadal mashg‘ulotlarga kirishgan bo‘lib, chempionatda yuqori natijalar ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi ushbu chempionatni tashkil etishda faol ishtirok etmoqda. Bunday yirik musobaqalar mamlakatimizda yoshlar sportini rivojlantirish va xalqaro maydonda yuksak imidj yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkentdagi chempionat yosh tennischilar uchun o‘z mahoratlarini namoyon etish, tajriba almashish va nufuzli musobaqalar muhitida rivojlanish uchun katta imkoniyat hisoblanadi.





