
Toshkentda talaba 4-qavatdan osilib qolgan bolani qutqardi
Yangihayot tumanida 5-qavatda yashovchi talaba yigit himoya vositalarisiz 4-qavat balkoniga tushib, qarovsiz qolgan bolani halokatdan saqlab qoldi.

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida insonparvarlik va jasorat namunasi bo‘lgan holat sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda 4-qavat balkonidan tushib ketish xavfida bo‘lgan kichik yoshli bola aks etgan.
Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bola aynan 5-qavatda istiqomat qiladigan talab yigit tomonidan qutqarib qolingan. U hech qanday himoya vositalarisiz qo‘lda pastga tushib, bolaning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Qahramon talabaning aytishicha, u pastga tushgan paytda balkonda bitta emas, uch nafar bola bo‘lganini ko‘rgan. Shuningdek, u vaziyatning jiddiyligini anglab, darhol harakat qilgan va bir necha daqiqa ichida bolani xavfsiz joyga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Hodisa jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Fuqarolar talabaning jasorati va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini yuqori baholashdi.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, voqeadan so‘ng mahalla profilaktika inspektori bolalarning onasi bilan suhbat o‘tkazib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun ogohlantirgan.





