Toshkentda ulkan park quriladi: kreativ iqtisodiyotga yangi sur’at
Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va yangi madaniyat maskanlari barpo etish bo‘yicha yirik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yangilash hamda yangi kreativ maydonlar tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishib chiqdi.
Taqdimotda ma’lum qilinishicha, 2024 yilda kreativ iqtisodiyotning YAIMdagi ulushi 3,7 foizni yoki 56,8 trln so‘mni tashkil etgan. Eksport hajmi 770,6 mln dollarga yetgan, sohada 319 ming nafardan ortiq aholi band.
2024 yilda «Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, «Kreativ industriya parki» tashkil etildi. Rezidentlar uchun maxsus soliq rejimi joriy etildi: daromad va ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 6 foizga tushirildi. 2030 yilga qadar sohaning YAIMdagi ulushini 5 foizga yoki 145 trln so‘mga yetkazish, eksportni 1 mlrd dollarga chiqarish va bandlikni 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.
Yirik loyihalar rejasi
Taqdimotda Toshkent shahrida barpo etiladigan «Kreativ industriya parki» konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda yashil bog‘, art-obyektlar, dasturlash maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilonlar, kovorking va ofislar, kino ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ kampus hamda yoshlar uchun mehmonxona barpo etiladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida ham kreativ parklar tashkil etish rejalashtirilgan. Nukusdagi parkda O‘zbekistonning «EKSPO-2025» milliy pavilyoni joylashtirilib, zamonaviy kutubxona barpo etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Buyuk Britaniya Qirollik jamg‘armasi maktabi tajribasi asosida An’anaviy san’at oliy maktabini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ta’lim ingliz tilida olib boriladi, ikki yillik dastur asosida mutaxassislar tayyorlanadi.
Madaniyat markazlari islohoti
Respublikadagi 800 dan ortiq madaniyat markazining yarmidan ko‘pi ta’mirtalab ekani qayd etildi. Ko‘pchiligi faoliyati bayram tadbirlari bilan cheklanib qolgan. Shu bois, Toshkent, Qo‘qon, Buxoro va Samarqandda pilot loyiha ishga tushirildi. Birinchi markaz Toshkent shahridagi «Gulshan» madaniyat markazi negizida tashkil etilmoqda.
Shuningdek, Milliy restavratsiya institutini tashkil etish, Samarqanddagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish va «Turkiston» yozgi amfiteatrini ta’mirlash loyihalari ko‘rib chiqildi. Loyihalarni UNESCO bilan kelishilgan holda amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari kreativ iqtisodiyot nafaqat madaniy, balki iqtisodiy jihatdan strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.





