
Toshkentda uylarning narxi tushdi — depozitlar yanada foydaliroq bo‘lmoqda
20.05.2025 | 12:1532172
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil aprel oyida Toshkentda ko‘chmas mulkka investitsiyadan olinadigan umumiy daromaddorlik 6,2 foizgacha tushdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yil aprelida 27,8 foizni tashkil etgan edi.

Uylarni ijaraga berishdan tushadigan o‘rtacha daromad ham pasayib, 10,9% dan 8,5% gacha tushdi. Uy narxlari o‘rtacha 2,4% arzonlashgani qayd etilgan. Hatto ayrim tumanlarda, masalan, Uchtepa va Olmazorda 2–4 xonali uylar ijarasi zararga ishlagan.
Shu bilan birga, Shayxontohur va Yakkasaroy kabi qimmat tumanlarda investitsiya hali ham foyda keltirmoqda — 1 xonali uylarda 25,1%, 3 xonali uylarda esa 16,8% daromad saqlanib qolgan.
Mutasaddilar fikricha, ushbu vaziyatda milliy valyutadagi muddatli depozitlar aholi uchun ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda. Chunki ayni paytda ular bo‘yicha foiz stavkalari 22% atrofida.
Ma’lumot uchun, 2025 yil fevralidan boshlab bir bankdagi bitta omonatchi uchun to‘lanadigan kafolatlangan kompensatsiya summasi 200 million so‘mgacha oshirilgan.





