add

Toshkentda Yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazi ishga tushadi

03.12.2025 | 19:182392 daqiqa

Prezident ushbu markazni kelgusi yillarda kengaytirish va 2030 yilga qadar uni hududlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.

Toshkentda Yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazi ishga tushadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, dunyo amaliyotida yo‘l harakatini boshqarishning eng samarali usuli sifatida intellektual transport tizimi (ITS) keng qo‘llanilmoqda. Mazkur yondashuvga ko‘ra, shaharlarda harakatni o‘z vaqtida nazorat qilish, tahlilini olib borish va rejalashtirish markazlashgan holda amalga oshiriladi.

Prezident huzuridagi taqdimotda Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazini yaratish taklif qilindi.

Ushbu markaz transport va piyodalar oqimlarini tahlil qilish va modellashtirish, intellektual transport tizimini joriy etish hamda boshqarish, transport master-rejasi va karkasini ishlab chiqish va joriy qilish, elektr quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish, individual harakatlanish vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.

Markaz intellektual transport tizimining operatori hisoblanadi. Mazkur platforma kameralar, datchiklar, GPS vositalari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni, xususan, sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qilib, tirbandliklar statistikasini yuritish va ularni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor fazalarini adaptiv tarzda o‘zgartirish, yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan paytda favqulodda xizmatlarni chaqirish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, tizimning joriy qilinishi natijasida yo‘llarda transport harakatining o‘rtacha vaqti va favqulodda xizmatlarning YTH joyiga yetib kelish vaqti qisqarishi, asosiy yo‘llardagi tirbandliklar hamda yo‘l-transport hodisalari kamayishi kutilmoqda.

Prezident takliflarni ma’qullab, pilot loyihani joriy yilning o‘zidayoq ishga tushirib, kelgusi yillarda uni kengaytirish, 2030 yilga qadar uni hududlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda Yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazi ishga tushadi | Vaqt.uz