
Toshkentda yo‘l talashishi oqibatida mashinadagi ayolning homilasi tushib qoldi
21.09.2025 | 15:0048274
Toshkentda haydovchilar o‘rtasidagi janjal og‘ir oqibatlarga olib keldi: Gentra haydovchisining homilador rafiqasi hodisa natijasida homilasidan ayrildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Yakkasaroy tumanida BYD avtomobili Gentra yo‘lini to‘sib, haydovchilar janjaliga sabab bo‘lgani aks etgan. Videoda BYD haydovchisi otasi bilan birga Gentra haydovchisiga hujum qilgani ko‘riladi. Shu paytda salonda uning homilador turmush o‘rtog‘i bo‘lgan.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, voqea Yakkasaroy tumani Muqimiy ko‘chasida sodir bo‘lgan.
«O‘ng polosada ketayotgandim, chap polosaga o‘tmoqchi edim, povorotni yoqib, chap polosaga o‘tdim. Orqamdan BYD kelayotgandi, unga xalaqit bermagandim, bemalol holatda ketayotgandim. Keyin BYD orqamdan kelib, signal chalib, vahima qilishni boshladi. Signal chalib tashladi. Shu holatda xotinim homilador, mazasi bo‘lmay qoldi. Xotinim sekinroq yuring, dedi, sekinlashdim. Lekin BYD vahima qilib yana orqamdan tirashni boshladi. O‘sha holatdan keyin mashinani o‘ngga oldim. Keyin kelib yo‘limni to‘sib oldi», – dedi Gentra haydovchisi.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng BYD haydovchisi otasi bilan mashinadan tushib, Gentra oynalarini sindirgan va haydovchisini do‘pposlagan.
«Xotinim homilador desam ham, yana kelib uryapti. Uning aytishicha, men uni siqib qo‘yibman. Hech qanday siqishli holat bo‘lmagan u yerda. Agar men uni siqib qo‘ygan bo‘lsam, ming bor uzr, deb ketardim. To‘g‘ri kelib urib ketyapti. Imkon bermadi gapirishga», – deya qo‘shimcha qildi jabrlanuvchi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, voqea ortidan jabrlanuvchi ayol shifoxonaga yetkazilgan. Sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, homila tushishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanmoqda.
Yakkasaroy tumani IIB tomonidan otasi va o‘g‘liga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi asosida ish qo‘zg‘atildi. Tergov jarayoni davom etmoqda.





