
Toshkentda yuan ayirboshlash xizmati yo‘lga qo‘yildi
02.06.2025 | 13:0018852
2025 yil 2 iyundan boshlab Toshkent shahridagi Milliy bank shoxobchalarida Xitoy yuani bilan valyuta ayirboshlash xizmati boshlandi. Bu xizmat O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi vizasiz rejim kuchga kirganidan bir kun keyin yo‘lga qo‘yildi.

1 iyundan ikki davlat fuqarolariga 30 kungacha vizasiz sayohat qilish huquqi berilgan. Shu munosabat bilan aholi va xorijlik mehmonlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida, yuanni sotib olish va sotish imkoni yaratilayotgani aytib o‘tildi.
Toshkent xalqaro aeroportidagi ayirboshlash shoxobchalari kunu tun faoliyat yuritadi. Ular uchish va kelish zallarida joylashgan bo‘lib, yuolauchilar safar oldidan yuan xarid qilishlari, qaytib kelganlarida esa ortiqcha yuanni so‘mga ayirboshlashlari mumkin bo‘ladi.
Milliy bank tomonidan xizmatlarni qulay va hamyonbop qilish maqsadida ko‘rilgan bu choralar mamlakatdagi moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda turizm va tashqi iqtisodiy aloqalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Bank rasmiy saytida qayd etilishicha, batafsil ma’lumot nbu.uz orqali taqdim etiladi.





