
Toshkentdagi 10 ta ko‘chada BRT tizimi joriy etiladi
17.10.2025 | 10:3034223
Poytaxt hokimligi Toshkentda jamoat transporti harakatini yaxshilash maqsadida avtobuslar uchun alohida yo‘laklar — BRT tizimini 10 ta ko‘chada barpo etish rejasini taqdim etdi. Loyiha qiymati 126 million dollarni tashkil etadi.

Toshkent shahar hokimligi poytaxtda avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklar infratuzilmasini yaratish bo‘yicha yangilangan rejalarni e’lon qildi. Yangi loyihaga ko‘ra, tezkor avtobus tizimi (BRT — Bus Rapid Transit) jami 10 ta ko‘chada joriy etiladi. Yo‘llarning umumiy uzunligi qariyb 51 kilometrni tashkil etadi.
Avvalgi taqdimotda ko‘rsatilgan KHAY—Parkent yo‘nalishi o‘rniga endi Alisher Navoiy—Beruniy ko‘chalari kiritilgan. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, BRT tizimi quyidagi ko‘chalarda amalga oshiriladi: Shota Rustaveli (5,1 km), Shahrisabz (3,2 km), Amir Temur (5,7 km), Yangi Sergeli (5,3 km), Maxtumquli (1,3 km), Mirzo Ulug‘bek – Feruza – Yuzrabot (10,4 km), Lutfiy va Muqimiy (5,9 km), Nurafshon (3,7 km), Qoratosh – Ko‘kcha darvoza (4 km) hamda Alisher Navoiy – Beruniy (6 km).
Loyihani amalga oshirish uchun jami 126 million dollar sarflanishi rejalashtirilgan. Bu miqdor avvalgi 110 million dollarlik bahodan yuqori. Moliyalashtirish mahalliy byudjet, xalqaro kredit liniyalari va xususiy sarmoyadorlar hisobiga amalga oshirilishi kutilmoqda.
Hokimlik bayonotida aytilishicha, tizim joriy etilgandan so‘ng shahar markazidagi yo‘llarda tirbandlik sezilarli darajada kamayadi, jamoat transporti tezligi oshadi va atmosfera ifloslanishi qisqaradi.
Bundan tashqari, Toshkent shahriga kirish va chiqishdagi postlar ham harakat oqimini yengillashtirish maqsadida ko‘chirilishi rejalashtirilgan. Bu choralar shaharga kiruvchi yo‘lovchi va transport harakatini muvofiqlashtirishni yaxshilaydi.





