
Toshkentdagi 87 ekologik xavfli korxona shahar tashqarisiga ko‘chiriladi
Poytaxt havosini yaxshilash maqsadida energiya sarfi yuqori va ifloslantiruvchi ishlab chiqarishlar bosqichma-bosqich shahar tashqarisiga olib chiqiladi.

Toshkent shahrida ekologik jihatdan xavfli deb topilgan 87 ta sanoat korxonasini shahar hududidan tashqariga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Bu choralar aholi salomatligiga salbiy ta’sirni kamaytirish va poytaxtda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur ishlar Prezidentning 2025 yil 30-yanvarda qabul qilingan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida olib borilmoqda. Hujjatda energiya sarfi yuqori va atrof-muhitga salbiy ta’siri katta bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish hamda ularni shaharlardan tashqariga ko‘chirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Dasturga muvofiq, Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlarida joylashgan asbest va sement sanoati, charm-poyabzal, parrandachilik, qora va rangli metallurgiya hamda boshqa yuqori energiya iste’mol qiluvchi tarmoqlarga mansub korxonalar bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqilmoqda.
Toshkentda mazkur talablarga to‘g‘ri keladigan 87 ta korxona aniqlangan. Ularni ko‘chirish mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini zamonaviy texnologiyalar asosida yangilash va ekologik standartlarga moslashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Nazoratni kuchaytirish maqsadida maxsus komissiya tomonidan sanoat obyektlarida doimiy tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, ekologik xavflilikning I toifasiga kiritilgan ikkillamchi rangli metallarni qayta ishlashga ixtisoslashgan «O‘zvtorsvetmet» aksiyadorlik jamiyati faoliyati to‘xtatilib, u Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladi.
2025 yil oktabr oyidagi tekshiruvlar davomida atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlanib, korxonaga 18 milliard 91 million 717 ming 137 so‘m miqdorida ekologik zarar kompensatsiyasi hisoblangan. Mazkur mablag‘lar evaziga eski va zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinib, ishlab chiqarish zamonaviy, ekologik xavfsiz uskunalarda davom ettiriladi.
Ko‘rilgan choralar natijasida yiliga o‘rtacha 226,7 tonna zararli moddalar chiqarilishi oldi olinib, Toshkentning Yangihayot tumanida havo sifati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.





