
Toshkentdagi «Aviator Korzinka» binosida yong‘in yuz berdi
Yashnobod tumanida joylashgan savdo majmuasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Holat Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligida bartaraf qilinmoqda.
© Видеодан кадр 31-yanvar kuni soat 15:47 da Toshkent shahri Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasida joylashgan «Aviator Korzinka» savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha bosh boshqarmasi rasmiy ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, yong‘in to‘g‘risidagi signal olinganidan so‘ng qutqaruv ekipajlari soat 15:53 da voqea joyiga yetib borgan. Shundan keyin binodagi barcha fuqarolar tezkor tarzda evakuatsiya qilingan va yong‘inni o‘chirish ishlari boshlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar haqida xabar kelib tushmagan. Fuqarolar xavfsizligi to‘liq ta’minlangani, hudud atrofi nazorat ostiga olingani ta’kidlanmoqda.
Vaziyat Toshkent shahar FVBB tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga yetarli kuch va vositalar jalb etilgan bo‘lib, jarayonga Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A. Ikramov shaxsan rahbarlik qilmoqda.
Ayni paytda yong‘in sabablari va yetkazilgan moddiy zarar hajmi aniqlanmoqda. Qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy manbalar orqali e’lon qilinishi ma’lum qilindi.





