Logo

Toshkentdagi ko‘p qavatli uy-joy qurilishida xavfli kamchiliklar aniqlanib, ishlar to‘xtatildi

Bugun 22:552 daqiqa

Toshkentning Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joyda jiddiy qoidabuzarliklar aniqlandi. Sifatsiz temir-beton konstruksiyalar sabab qurilish-montaj ishlari to‘xtatilib, loyiha talablariga mos bo‘lmagan qismlarni buzish ishlari boshlandi.

Toshkentdagi ko‘p qavatli uy-joy qurilishida xavfli kamchiliklar aniqlanib, ishlar to‘xtatildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Toshkent shahrining Sergeli tumanida barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joy obyektida bir qator jiddiy qoidabuzarliklarni aniqladi.

Nazorat tadbirlari davomida qurilish materiallarini saqlash tartibiga rioya etilmagani, qurilish maydoni hamda uning atrofi tez yonuvchi chiqindilardan tozalanmagani ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruv davomida obyektning ayrim qismlarida bajarilgan temir-beton o‘zaklar sifatsiz ekani va ular loyihada belgilangan texnik talablarga muvofiq emasligi ham qayd etildi. Inspeksiya vakillari bu kabi konstruktiv kamchiliklar kelajakda insonlar hayoti va xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkinligini ta’kidladi.

Sifat talablari buzilgan


Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan obyektdagi barcha qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatildi. Inspeksiya mas’ullari pudrat tashkilotiga qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berdi.

Shu bilan birga, loyiha talablariga zid ravishda qurilgan va sifatsiz deb topilgan temir-beton o‘zaklarni buzish ishlari boshlandi. Keyingi qurilish jarayoni faqat aniqlangan nuqsonlar to‘liq bartaraf etilganidan keyin davom ettirilishi mumkin.

Inspeksiya nazoratida obyektda bajariladigan barcha ishlar qayta tekshirilishi va belgilangan texnik me’yorlarga muvofiqligi baholanishi rejalashtirilgan.

Nazorat kuchaytirilmoqda


Inspeksiyaning ta’kidlashicha, qurilish ishlarini sifatli bajarish va tasdiqlangan loyiha talablariga qat’iy amal qilish barcha qurilish ishtirokchilari uchun majburiy hisoblanadi. Bu talablarga rioya etilmasligi nafaqat ma’muriy choralarga, balki qurilish ishlarining to‘xtatilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida qurilish obyektlarida kuchaytirilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Bunday tekshiruvlar orqali qurilish sifati, texnika xavfsizligi va fuqarolar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarning oldini olish maqsad qilingan.

Teglar

Mavzuga oid