Toshkentdagi «Park in Mall» savdo markazida yong‘in bo‘ldi
Yong‘in sodir bo‘lgan joyda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan.

Bugun, 15-mart kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumani, Botir Zokirov ko‘chasida joylashgan «Park in Mall» oilaviy ko‘ngilochar savdo markazining 3-qavatida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, soat 13:18 da yong‘in to‘g‘risida FVBBga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, qutqaruv texnikalari aytilgan manzilga soat 13:19 da yetib borib, yong‘in soat 13:28 da o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida jarohatlanganlar yo‘q. Aytilgan manzilda «Park in Mall» oilaviy ko‘ngilochar savdo majmuasining 3-qavati 25 kvadrat metr maydoni yonib zararlangani aniqlandi.
«Hozirda yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda», – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, savdo markazi binosi hozirgi vaqtda foydalanishga topshirilmagani va yong‘in sodir bo‘lgan joy bolalar o‘yingohida sodir bo‘lmagan. Yong‘in sodir bo‘lgan joyda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan.





