Logo

Toshkentdagi xususiy tibbiyot markazi 747,6 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi

Bugun 11:552 daqiqa

Milliy bank va «Tashkent International Medical Center» o‘rtasidagi kredit nizosi doirasida Mirobod tumanidagi tibbiyot majmuasi auksionga chiqarildi. Qurilishi tugallanmagan binolarga bank va Majburiy ijro byurosi tomonidan taqiq qo‘yilgan.

Toshkentdagi xususiy tibbiyot markazi 747,6 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi © E-auksion

Toshkent shahri Mirobod tumanidagi xususiy tibbiyot markazi va avtoturargoh 747,6 mlrd so‘m boshlang‘ich narxda sotuvga qo‘yildi. Bu haqda «E-auksion»dagi lot ma’lumotida ko‘rsatilgan.

747,6 mlrd so‘m AQSH dollarida 62,3 mln dollar bo‘lib, «E-auksion» platformasidagi eng yirik boshlang‘ich narxda chiqarilgan auksionlardan biri bo‘ldi.

Majmua «Ming o‘rik» mahallasi, Shahrisabz tor ko‘chasi, 8-uyda joylashgan. U yerto‘lali 11 va 12 qavatli binolardan iborat. Lotda binolarning umumiy maydoni 78,2 ming kvadrat metr, qurilish egallagan maydon esa 7,2 ming kvadrat metr ekani qayd etilgan.

Obyekt Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2026-yil 28-apreldagi ijro hujjati asosida sotuvga chiqarilgan. Majburiy ijro byurosi davlat ijrochisi auksionga qo‘yish haqidagi qarorni 2-iyulda qabul qilgan.

Ijro hujjati raqami Milliy bank va «Tashkent International Medical Center» MCHJ o‘rtasidagi sud ishi raqami bilan bir xil. Sud majlislari jadvaliga ko‘ra, nizo kredit shartnomasi yuzasidan kelib chiqqan. Biroq ochiq ma’lumotlarda kompaniyaning bank oldidagi qarzi qancha ekani ko‘rsatilmagan.

Lot hujjatlarida ko‘chmas mulk qurilishi tugallanmagani va to‘liq xatlangani qayd etilgan. Faqat noturar binolar sotilmoqda. Markaz ichidagi mol-mulk hamda ofis jihozlari auksion tarkibiga kiritilmagan.

Binolar joylashgan 1,59 gektar yer uchastkasidan ijara huquqi asosida foydalaniladi. Ijara shartnomasi 2029-yil 10-oktabrgacha amal qiladi.

Shuningdek, obyektga bank va Majburiy ijro byurosi tomonidan ikkita taqiq qo‘yilgan. Amaldagi egalar binoni bo‘shatib bermasa, auksion g‘olibi ularni chiqarish masalasini sud orqali hal qilishi mumkinligi ham lotda alohida ko‘rsatilgan.

Auksion 17-avgust kuni soat 10:00 da boshlanadi. Arizalar shu kuni soat 09:00 gacha qabul qilinadi. Savdoda qatnashish uchun 37,4 mlrd so‘m zakalat puli to‘lash kerak.

Avvalroq «Hamkorbank» Toshkent markazidagi Qurilish vazirligi binosini 16 mln dollarga sotib olgandi.

Teglar

Mavzuga oid