Logo

Toshkentning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Bugun 11:002 daqiqa

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasidan so‘ng Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov 10 tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida farmoyishni imzoladi.

Toshkentning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtning 12 ta tumanidan 10 tasi hokimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida farmoyish imzoladi. Hujjat 2026-yil 3-avgust sanasi bilan rasmiylashtirilgan.

Xizmat tekshiruvi Bektemir (Nurilla Abdurahmonov), Mirobod (Anvar Sayfiddinov), Mirzo Ulug‘bek (Bahodir G‘oibnazarov), Olmazor (Qudratilla To‘laganov), Sergeli (Davron Ismatov), Uchtepa (Bunyod Mamadjanov), Chilonzor (Saidqahhor Xolxo‘jayev), Shayxontohur (Bobur Abubakirov), Yunusobod (Abrorxo‘ja Saidaliyev) va Yashnabod (Baxtiyor Rahmonqulov) tumanlari rahbarlariga nisbatan o‘tkaziladi.

Mazkur qarorga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 22-iyulda yuborgan taqdimnomasi asos bo‘lgan. Biroq farmoyishda agentlik keltirgan vajlar va aniq holatlar mazmuni oshkor etilmagan.

Komissiya tuzildi

Xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun maxsus shahar komissiyasi shakllantirildi. Komissiyaga Toshkent shahri hokimligining komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat xizmati rahbari Shuhrat Turdiqulov rahbarlik qiladi. Shuningdek, komissiya tarkibidan Toshkent shahar hokimi devoni rahbari Shohrux Mamajonov, Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Xondamir Turg‘unov, Yuridik boshqarma boshlig‘i Mahkam Vohidov, Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Nigora Sabitova ham o‘rin olgan.

Farmoyishga muvofiq, komissiya agentlik tomonidan keltirilgan vajlarni xolisona va sifatli o‘rganishi, tekshiruv yakunlari bo‘yicha tegishli xulosalarni rasmiylashtirishi lozim.

Natijalar kutilmoqda

Hujjatda qayd etilishicha, zarurat tug‘ilganda komissiya boshqa davlat organlari va tashkilotlari mutaxassislarini ham tekshiruv jarayoniga jalb qilishi mumkin.

Farmoyish ijrosini nazorat qilish Toshkent shahri hokimining komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mirmuhammad Mirhamidov zimmasiga yuklatildi.

Xizmat tekshiruvi natijalari va agentlik taqdimnomasida keltirilgan holatlar bo‘yicha hozircha qo‘shimcha ma’lumot e’lon qilinmagan.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi | Vaqt.uz