Logo

«Toshturma»da necha kishi saqlanmoqda?

Kecha 18:381 daqiqa

Vaqt.uz jurnalisti Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasi sharoitlari bilan tanishish uchun ushbu muassasaga bordi. Jurnalist tashrif davomida u yerda qancha kishi saqlanayotgani bilan qiziqdi.

«Toshturma»da necha kishi saqlanmoqda?

Xalq tilida «Toshturma» deya ataladigan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasida 3800 dan ortiq kishi saqlanmoqda. Bu haqdagi ma’lumotni departament boshlig‘i polkovnik Azizxon Umarxonov 30-iyul kuni Vaqt.uz jurnalistiga ochiqladi.

IIV mulozimining aytishicha, saqlanayotganlarning 165 nafari ayollar, 68 nafari voyaga yetmaganlar hamda 63 nafari chet el fuqarolari. Hibsxonada bolali ayollar ham mavjud bo‘lib, ular hozirda 4 kishi. Umarxonovning so‘zlariga ko‘ra, ularga alohida xona beriladi.

«Albatta ularga alohida xona beriladi», — urg‘ulaydi polkovnik.

U «Toshturma»da voyaga yetmaganlar saqlanadigan 9 ta alohida kamera mavjudligini ham qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, ilgari (1891-yildan boshlab) bu tergov hibsxonasi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan edi. Uni chor Rossiyasi davrida toshdan qurishgani uchun xalq uni «Toshturma» deb atab kelgan. 2018-yilning yanvar oyida Yunusoboddagi eski binoda sharoitlar talabga javob bermagani uchun u butunlay buzildi. Barcha mahbuslar va xodimlar Toshkent viloyati Zangiota tumanida yangi qurilgan zamonaviy binoga ko‘chirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq eski «Toshturma» hududi sanoat kompaniyasiga berilgani oshkor bo‘lgandi. U yer xiyobon bo‘lishi kerak edi.

Teglar

Mavzuga oid