Logo

«Toshturma»ning yangi binosi qurilishiga 103 mlrd so‘mdan oshiq pul sarflangani aytildi

Kecha 19:272 daqiqa

IIV mulozimi Vaqt.uz jurnalisti bilan suhbatda tergov hibsxonasi nega sakkiz qirrali qilib qurilganiga ham to‘xtaldi.

«Toshturma»ning yangi binosi qurilishiga 103 mlrd so‘mdan oshiq pul sarflangani aytildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasining yangi binosi qurilishiga 103 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarf qilingan. Bu haqda departament boshlig‘i polkovnik Azizxon Umarxonov 30-iyul kuni Vaqt.uz jurnalistiga ochiqladi.

«Aslida, bu mablag‘, menimcha, maxfiy emas. Men to‘g‘risini aytaman: mana shu hurmatli prezidentimizning alohida investitsiya dasturiga kiritilib, hammasiga 103 milliarddan oshiq mablag‘ sarflangan», — deydi u.

1

Uning ta’kidlashicha, bu pullar hisobiga yangi tartibot binosi, hibsxonaning sayrgohlari, kirish joylari, yangi taqsimlash joylari barpo etilgan. IIV polkovnigining aytishicha, isitish tizimi, oqova suvlari bilan bog‘liq mavjud muammolarni hal qilish uchun ham aynan o‘sha pullardan ishlatilgan.

2

Suhbat jarayonida jurnalist nima uchun tergov hibsxonasi sakkiz qirrali qilib qurilgani bilan qiziqdi va bu bo‘yicha IIV mansabdorini savolga tutdi. Azizxon Umarxonov esa qurilish ishlari 2015–2018-yillarda olib borilganini aytar ekan, hibsxonani aynan ana shunday shaklda qurishda bir nechta masalalar inobatga olinganini aytdi.

«Hibsxonaning har bir hujrasiga quyosh, shamol va boshqa narsalarni ta’minlab berish nuqtai nazaridan ana shunday loyihalashtirilgan. Endi tabiiyki, sizlarda: agarda o‘sha vaqtda 3800 kishilik sig‘imli, sakkiz qirrali qurilgan bo‘lsa, nega sayr qilish huquqi bir soatlik rejalashtirilmagan, bor-yo‘g‘i 49 ta sayrgoh qilingan, degan savol tug‘iladi, to‘g‘rimi?», — deydi u.

toshturma 1

U bunga javoban prezident topshirig‘i asosida xalqaro standartdagi minimal huquqlarning barchasi Markaziy tergov hibsxonasida 100 foiz ta’minlanganini urg‘uladi.

«Prezidentimizning mana shu talablari, topshiriqlari asosida xalqaro standartdagi minimal huquqlarning barchasi Markaziy tergov hibsxonasida 100 foiz ta’minlandi. Parallel ravishda raqamlashtirish jarayonlari bilan bu ishlarni yana jadallashtiryapmiz», — ta’kidlaydi Umarxonov.

toshturma 2

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu hibsxonada qancha kishi saqlanayotgani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid