
«Trade-up» dasturi: Minilgan mashinalarni almashtirishga ruxsat berildi
26.08.2025 | 23:0026603
O‘zbekiston hukumati 22 avgustdagi qarori bilan ilgari foydalanilgan avtomobillarni yangi yoki boshqa foydalanilayotgan avtomobilga almashtirish – «Trade-up» dasturini tasdiqladi. Qonunchilikda distribyutor va dilerlar tushunchasi ham aniqlandi.

O‘zbekistonda distribyutor va dilerlarga ilgari minilgan avtomobillarni almashtirishga ruxsat beriladi. Bu haqda hukumatning 22 avgustdagi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomobilni foydalanishda bo‘lgan boshqa avtomobilga almashtirish – «Trade-up» dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Nizomda shu paytgacha faqat «Trade-In» mexanizmi tilga olingan bo‘lib, u ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomototransport vositasini yangi avtomototransport vositasiga narxlaridagi farqni to‘lagan (narxlaridagi farqni olgan) holda almashtirishni anglatadi.
Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 7 martdagi «Avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda «ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari» so‘zlari «distribyutor yoki diler tashkilotlari» so‘zlari bilan almashtirilmoqda.
Shuningdek, endi qonunchilikda distribyutorlar va dilerlar tushunchasi ajratildi. Unga ko‘ra, distribyutor tashkiloti — O‘zbekiston hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi bilan tegishli distribyutorlik kelishuviga ega yuridik shaxs. Diler tashkiloti esa O‘zbekiston hududida yangi avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish bo‘yicha distribyutor tashkiloti yoki ishlab chiqaruvchi bilan tegishli dilerlik kelishuviga ega yuridik shaxsdir.





