
Tramp amerikaliklarni noqonuniy ushlab turgan davlatlarni jazolaydi
AQSH ma’muriyati amerikaliklarni g‘ayriqonuniy ravishda hibsda saqlayotgan davlatlar ro‘yxatini e’lon qilishi kutilmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati amerikaliklarni noqonuniy ravishda ushlab turgan mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qilishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda CBS telekanali o‘z manbalariga asoslanib.
Farmon terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxati asosida ishlab chiqiladi. Davlat departamenti ro‘yxatga kiritilgan mamlakatlarga nisbatan sanksiyalar joriy etishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu chora-tadbirlarning maqsadi mazkur mamlakatlar hukumatlarini amerikaliklarni darhol ozod qilishga majbur etish, shuningdek, AQSH fuqarolarini bunday davlatlarga tashrif buyurmaslikka undashdir. CBS axborot agentligi xabar berishicha, hujjat 5 sentyabr, juma kuni e’lon qilinishi rejalashtirilmoqda.
AQSH ma’murlari chet ellarda ushlab turilgan amerikaliklar sonini oshkor qilmayapti. Foley Foundation huquq himoyasi tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda 17 ta davlatda kamida 54 nafar AQSH fuqarosi garovga olingan yoki g‘ayriqonuniy ravishda hibsga olingan.
Davlat departamenti allaqachon chet elga sayohat qilishni rejalashtirgan AQSH fuqarolari uchun tavsiyalar berib boshladi. Idora davlatlarni to‘rt toifaga ajratdi, eng yuqori xavf darajasi «Sayohat qilmang» deb nomlangan. Bu toifaga 21 ta davlat, jumladan Rossiya, Ukraina, KXDR, Eron, Afg‘oniston, Venesuela, Liviya va Somali kiradi.
Terrorizm homiylarining ro‘yxatiga to‘rtta mamlakat kiritilgan: Kuba, KXDR, Eron va Suriya. Ularga qarshi choralar chet el yordamini cheklash, harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan mahsulotlarni eksport qilish va sotishni taqiqlash, ikki tomonlama maqsadda ishlatiladigan tovarlar eksportini cheklash, shuningdek, moliyaviy va boshqa turdagi cheklovlarni o‘z ichiga oladi.





