
Tramp: Armaniston va Ozarboyjon sulh shartnomasini Oq uyda imzolaydi
08.08.2025 | 12:0044434
Donald Tramp 8 avgust kuni Aliyev va Pashinyan Oq uyda tarixiy sulh shartnomasiga imzo qo‘yishini e’lon qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Armaniston va Ozarboyjon yetakchilari 8 avgust kuni Oq uyda tinchlik shartnomasini imzolashini ma’lum qildi. Uning aytishicha, mazkur kelishuv ularning rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tadi.
Tramp bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni qabul qilishni intiqlik bilan kutayotganini bildirdi. U uchrashuv «Tarixiy tinchlik sammiti» doirasida o‘tadiganini ta’kidladi.
«Men Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ertaga Oq uyda o‘tadigan tarixiy sammitni intizorlik bilan kutmoqdaman. Bu ikki davlat uzoq yillar urush holatida bo‘ldi va bu minglab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib keldi. Dunyoning ko‘plab yetakchilari bu urushga nuqta qo‘yishga muvaffaqiyatsiz urinib kelishdi, toki «TRAMP» buni uddalamagunicha. Mening ma’muriyatim anchadan beri har ikki tomon bilan yaqin aloqada. Ertaga men, prezident Ilhom Aliyev va bosh vazir Nikol Pashinyan bilan birgalikda Oq uyda sulh shartnomasini imzolash bo‘yicha rasmiy marosimda ishtirok etamiz. Qo‘sha Shtatlar shuningdek, Janubiy Qafqaz mintaqasining salohiyatini to‘la-to‘kis ochib beruvchi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish to‘g‘risida har ikki davlat bilan ikkitomonlama kelishuvlar imzolaydi. Men Ozarboyjon va Armaniston xalqlari uchun to‘g‘ri narsalar qilayotgan bu ikki jasur yetakchilar bilan faxrlanaman. Bu Armaniston, Ozarboyjon, Qo‘shma Shtatlar va BUTUN DUNYO uchun tarixiy kun bo‘ladi. Ko‘rishguncha. DJT», — deb yozdi Tramp uziga tegishli mikrobloglar servisida.Avvalroq Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyanning BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan, vositachilarsiz to‘rt soatlik yakama-yakka uchrashuvi va unda Zengezur yo‘lagi masalasi ham muhokama qilingani haqida xabar bergan edik.





