Tramp barcha import mahsulotlariga 10 foizlik global boj joriy qildi
Yangi tarif barcha mamlakatlarga taalluqli bo‘lib, 150 kun amal qiladi va amaldagi bojlarga qo‘shimcha ravishda qo‘llanadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp barcha mamlakatlarga nisbatan 10 foizlik global savdo boji joriy etilganini e’lon qildi.
Trampga ko‘ra, mazkur qaror 150 kun davomida amal qiladi va amaldagi tariflarga qo‘shimcha tarzda qo‘llanadi.
Prezidentning bayonotiga ko‘ra, farmon 1974 yilda qabul qilingan Savdo to‘g‘risidagi qonun asosida imzolangan. Ushbu qonun davlat rahbariga to‘lov balansi bilan bog‘liq yirik va jiddiy muammolar mavjud bo‘lganda 15 foizgacha bojlarni 150 kungacha joriy etish vakolatini beradi. Qonun doirasida alohida tergov yoki qo‘shimcha protsessual talablar nazarda tutilmagan.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida: «Oq uy Oval kabinetidan turib butun dunyo mamlakatlariga nisbatan deyarli darhol kuchga kiradigan 10 foizlik global savdo bojlarini imzolash men uchun katta sharaf», — deb yozgan
Prezident so‘zlariga ko‘ra, ayrim davlatlar yillar davomida AQSHdan iqtisodiy ustunlikka erishib kelgan va tariflar bekor qilinganidan mamnun bo‘lgan. «Bu holat uzoq davom etmaydi»,— deya ta’kidlagan u.
Shu bilan birga, Tramp mamlakat Oliy sudining tariflar bo‘yicha qarori unda norozilik uyg‘otganini bildirgan. U ayrim sudyalarni mamlakat manfaatlarini himoya qilishda yetarli qat’iyat ko‘rsatmaganlikda tanqid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Oliy sudi prezident Donald Tramp tomonidan joriy etilgan import bojlarini bekor qilish haqida qaror chiqarganligi haqida xabar bergan edik.





