
Tramp Eron bilan savdo qilganlarni jazolamoqchi
AQSH prezidenti 6-fevral kuni Eron bilan savdo-sotiqni davom ettirayotgan mamlakatlarga qo‘shimcha boj to‘lovlari joriy etishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 6-fevral kuni imzolangan ijro farmoni orqali Eron bilan savdo-sotiqni davom ettirayotgan mamlakatlarga qo‘shimcha boj to‘lovlari joriy etilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Farmonda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan aniq boj miqdori ko‘rsatilmagan, biroq misol sifatida 25 foiz keltirilgan. Hujjatga ko‘ra, bu chora Erondan «bevosita yoki bilvosita ravishda har qanday tovar yoki xizmatni sotib oladigan, import qiladigan yoki boshqa yo‘l bilan qo‘lga kiritadigan» har qanday davlatdan AQSHga olib kiriladigan mahsulotlarga tatbiq etiladi.
Tramp farmonning o‘zi haqida bevosita izoh bermadi, ammo 6-fevral kechasi «Air Force One» samolyotida jurnalistlar bilan suhbatda Eron uchun «yadroviy qurol bo‘lmasligi kerak» degan pozitsiyasini yana bir bor takrorladi.
Bu qaror AQSH va Eron yuqori martabali rasmiylari o‘rtasida Ummonda o‘tayotgan muzokaralar fonida qabul qilindi. Tomonlar bir necha hafta davomida o‘zaro tahdidlar bildirib kelayotgan edi.
Trampning oldingi tahdidlari
Tramp joriy yil boshida «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan postida Eron bilan biznes qilayotgan mamlakatlarga 25 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgan edi. 12-yanvar kuni u shunday deb yozgan:
«Darhol kuchga kiradi: Eron Islom Respublikasi bilan biznes qilayotgan har qanday mamlakat Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan amalga oshirilayotgan barcha savdo operatsiyalari uchun 25 foizlik boj to‘laydi».
O‘sha paytda bu bojlar amalda qanday ishlashi haqida qo‘shimcha tafsilot berilmagan edi. Oq uy mazkur ijro farmoni «Eron bilan bog‘liq davom etayotgan milliy favqulodda holatni» yana bir bor tasdiqlashini ma’lum qildi va vaziyat o‘zgarsa, prezident uni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ta’kidladi.
«Prezident Eronni yadroviy imkoniyatlarga intilishi, terrorizmni qo‘llab-quvvatlashi, ballistik raketa dasturini rivojlantirishi va mintaqada beqarorlik keltirib chiqarayotgan harakatlari uchun javobgarlikka tortmoqda. Bu esa Amerika xavfsizligi, ittifoqchilari va manfaatlariga tahdid soladi», – deyiladi Oq uy bayonotida.
Eron tomonidan hozircha rasmiy munosabat bildirilmadi.
AQSH-Eron muzokaralari
Kecha, 6-fevral kuni Ummonda boshlangan muzokaralar o‘tgan yil iyun oyidan beri AQSH va Eron rasmiylari o‘rtasida o‘tayotgan ilk muloqot hisoblanadi. O‘shanda AQSH Eronning uchta asosiy yadroviy obyektiga zarba bergan edi.
Eron delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rahbarlik qildi. AQSH tomonidan esa maxsus vakil Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etdi.
«Air Force One» bortida jurnalistlar bilan suhbatda Tramp juma kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarni «juda yaxshi» deb baholadi va Eron «bitim tuzishni juda qattiq istayotgandek ko‘rinayotganini» aytdi.
«Agar ular kelishuvga kelmasa, oqibatlar juda og‘ir bo‘ladi», – dedi prezident va kelasi hafta boshida yana bir uchrashuv bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Muzokaralarga vositachilik qilgan Ummon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaydi suhbatlar «eronliklar va amerikaliklarning qarashlarini aniqlashtirish hamda ehtimoliy ilgarilash yo‘llarini belgilash uchun foydali bo‘lganini» bildirdi.
Aroqchi X (sobiq Twitter) tarmog‘idagi bayonotida muzokaralarni «yaxshi boshlanish» deb atadi va «ijobiy muhit hukm surganini» qayd etdi. Uning aytishicha, muzokarachilar maslahatlashuv uchun o‘z poytaxtlariga qaytib ketgan.
Ikki o‘rtadagi keskinlik
AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayishi ikki davlat o‘rtasida mojaro chiqishi xavfini oshirmoqda. 4-fevral kunigina Tramp Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy «juda xavotirda bo‘lishi kerak»ligini aytgan edi.
Prezident, agar Eron o‘z yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga borishdan bosh tortsa, Yaqin Sharqdagi bu davlatga zarba berishga tayyor ekanini ham ma’lum qilgan.
Eron esa o‘z yadroviy dasturi mutlaqo tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlab keladi va AQSH hamda uning ittifoqchilari tomonidan ilgari surilayotgan «yadroviy qurol yaratish» ayblovlarini bir necha bor rad etgan.
Shuningdek, AQSH mintaqada katta harbiy kuch jamlagan. Tramp buni o‘tgan oy Erondagi ommaviy hukumatga qarshi namoyishlar shafqatsiz bostirilganiga javob sifatida «ulkan armada» deb atadi.
Inson huquqlari tashkilotlari namoyishlar vaqtida minglab odamlar halok bo‘lganini aytayotgan bo‘lsa-da, 8-yanvardan buyon hukumat joriy etgan internet cheklovlari sababli qon to‘kilishning aniq ko‘lami hanuzcha noma’lum bo‘lib qolmoqda.





