Tramp: «Eron harbiy qudratidan mahrum qilindi, Ho‘rmuzni ochishda yordam qilinglar»

Kecha 09:252 daqiqa

Oq uy rahbari Eronning harbiy salohiyati tor-mor etilganini e’lon qilib, dunyo yetakchilarini Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qamaldan qutqarish uchun harbiy kemalarini yuborishga chaqirdi.

Tramp: «Eron harbiy qudratidan mahrum qilindi, Ho‘rmuzni ochishda yordam qilinglar»

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning asosiy harbiy kuchlari tor-mor etilgani va mamlakat rahbariyati «boshsiz qolganini» ma’lum qildi.

Trampning ta’kidlashicha, Tehronning keng ko‘lamli urush olib borish imkoniyati qolmagan bo‘lsa-da, kichik diversiyalar xavfi hali ham mavjud. U Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida birgalikda patrullik qilish uchun harbiy dengiz kuchlarini safarbar etishga chorladi.

«Eron bitta-ikkita dron yuborishi, raketa uchirishi yoki mina o‘rnatishi juda oson. Shu sababli Ho‘rmuz bo‘g‘oziga bog‘lanib qolgan davlatlar AQSH bilan birgalikda o‘z harbiy kemalarini yuborishlari shart», deb yozdi Tramp «Truth Social» tarmog‘idagi sahifasida.

Prezident Vashington mintaqani barqarorlashtirish uchun Eronning sohillarini ayovsiz bombardimon qilishda davom etishini va yaqin orada bo‘g‘ozni kemalar qatnovi uchun xavfsiz va erkin qilishini qat’iy ta’kidladi.

 

Bo‘g‘oz uchun kurash

Trampning bayonotiga ko‘ra, AQSH harbiy-havo kuchlari Eronning qoldiq floti va sohil bo‘yidagi qurilmalarini doimiy ravishda yo‘q qilib boradi. Garchi 11-mart kuni prezident operatsiya tez orada tugashini va nishonlar deyarli qolmaganini aytgan bo‘lsa-da, amalda hujumlar to‘xtatilgani yo‘q.

«The Wall Street Journal» nashrining yozishicha, Tramp Eronning harbiy va proksi kuchlariga zarba berishni davom ettirish niyatida. Pentagon vakillari esa mojaro kamida yana bir necha hafta davom etishi mumkinligini bashorat qilishmoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi dunyodagi eng muhim energiya arteriyasi bo‘lib, uning yopilishi global iqtisodiyot uchun halokatli hisoblanadi. Trampning xalqaro koalitsiya tuzish harakati Eronning bo‘g‘ozni nazorat qilish urinishlariga javoban qo‘yilgan strategik qadamdir.

 

Operatsiyaning yashirin xatarlari

Urush boshlanguniga qadar AQSH Bosh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari Den Keyn Trampni Eron bo‘g‘ozni yopib qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Tramp bu xavfni tan olgan bo‘lsa-da, Tehron bo‘g‘ozni to‘sib qo‘yishga ulgurmasdan taslim bo‘ladi, degan taxmin bilan hujumni boshlagan edi. Biroq oradan ikki hafta o‘tgan bo‘lsa-da, Eron rahbariyati chekinmayapti va bo‘g‘ozni asosiy bosim vositasi sifatida ushlab turibdi.

Hozirgi vaziyatda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft va gaz yetkazib berish zanjiri uzilishi yoqilg‘i narxining keskin ko‘tarilishiga olib keldi.

Teglar

Mavzuga oid