
Tramp Isroilni HAMASni yo‘q qilishga chaqirdi: muzokaralar barbod bo‘ldi
26.07.2025 | 09:0032853
AQSH prezidenti Donald Tramp Isroilni G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarni yanada kuchaytirib, HAMASni butunlay yo‘q qilishga chaqirdi. Bu chaqiriq 25 iyuldagi Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng berildi.

Tramp HAMAS tinchlik kelishuviga rozi bo‘lmaganini aytib, ular «o‘limga intilayotganini» va vaziyat juda keskinlashganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bu tashkilotdan xalos bo‘lishi shart va tartib o‘rnatishi lozim.
Muzokaralarning buzilishi ortidan AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff HAMASning javobini «tinchlikka erishish istagi yo‘qligi» sifatida baholadi. Unga ko‘ra, Vashington endi garovdagi fuqarolarni qaytarishning muqobil yo‘llarini izlashni boshlaydi.
Axios xabariga ko‘ra, Isroil avval Qatar va Misr vositachiligida taklif etilgan kelishuvni qabul qilgan. Biroq HAMAS shartlarni o‘zgartirishni taklif qilgan va bu Isroil tomonidan rad etilgan. Bu orqali o‘zaro muzokaralar to‘xtab qolgan.
Netanyahuning ta’kidlashicha, Isroil AQSH bilan hamkorlikda Falastin ekslavidagi rejimni bartaraf etish va mintaqada barqaror tinchlikni ta’minlashga intilmoqda. U barcha garovdagi fuqarolarni ozod etish rejasini amalga oshirishini ma’lum qildi.
Isroil rasmiylari hozircha aniq reja mavjud emasligini tan oldi. Ularga ko‘ra, muzokaralarni to‘xtatish orqali «krizis vaziyati» yaratib, yangi yo‘l topishga urinishlar davom ettiriladi.





