add

Tramp ma’muriyati AQSH vizasiga ega 55 mln kishini tekshirishni boshladi

22.08.2025 | 12:202244

AQSH Davlat departamenti 55 milliondan ortiq viza egasini tekshirish jarayonini boshladi, qonunbuzarlik aniqlansa, vizalar bekor qilinib, egalari deportatsiya qilinishi mumkin.

Tramp ma’muriyati AQSH vizasiga ega 55 mln kishini tekshirishni boshladi
AQSH Davlat departamenti 55 milliondan ortiq amaldagi viza egalariga doimiy tekshiruv o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Associated Press nashri xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tekshiruv jarayonida viza muddati buzilishi, jinoyatchilik, jamoat xavfsizligiga tahdid va terrorchilik bilan bog‘liq holatlar aniqlansa, viza bekor qilinadi. Agar shaxs AQSH hududida bo‘lsa, u deportatsiya qilinishi mumkin. Departament joriy yildan viza oluvchilarning ijtimoiy tarmoq faoliyati, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ma’lumotlari va qonunbuzarlik holatlarini ham ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, intervyu jarayonida telefon va ilovalardagi maxfiylik sozlamalarini o‘chirish talab etiladi. Bu jarayon Amerika milliy xavfsizligini kuchaytirish maqsadida olib borilayotgani ta’kidlandi. AQSHda hozirda 12,8 mln «green card» egalari va 3,6 mln vaqtinchalik vizada bo‘lganlar mavjud. Migratsiya siyosati bo‘yicha ekspertlar barcha viza egalariga keng ko‘lamli tekshiruv katta resurs talab qilishini ta’kidlamoqda. Shuningdek, Davlat kotibi Marko Rubio xorijiy tijorat yuk mashina haydovchilari uchun ishchi vizalar berilishini to‘xtatganini e’lon qildi. Uning aytishicha, xorijlik haydovchilar amerikalik yuk tashuvchilarning daromadini qisqartirayotgan va yo‘llarda xavfsizlikni pasaytirayotgani qayd etilgan. Prezident Donald Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelganidan beri noqonuniy migrantlarni chiqarish va talabalar hamda almashinuv dasturi ishtirokchilari vizalarini qayta ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratmoqda. Faqat shu haftaning o‘zida 6 mingdan ziyod talaba vizasi bekor qilingani ma’lum qilindi. Shundan 4 mingga yaqini qonunbuzarliklar sabab, 200–300 tasi esa terrorizmga bog‘liq holatlar uchun bekor qilingan. AQSH ma’muriyatining bu siyosatlari chet ellik ishchi va talabalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish maqsadida Meksika bilan chegara devorini qoraga bo‘yashni buyurgan edi.

 

Teglar

Mavzuga oid