add

Tramp o‘z nomi bilan ataluvchi saytni ishga tushirdi

Kecha 12:152 daqiqa

AQSH prezidenti «TrumpRx» deb nomlangan saytda foydalanuvchilar retsept bilan beriladigan dori-darmonlarni arzonroq narxlarda topishlari mumkin, deb da’vo qilmoqda. Qator farmatsevtika konsernlari hamkorlikka rozi bo‘lgan.

Tramp o‘z nomi bilan ataluvchi saytni ishga tushirdi

AQSH prezidenti Donald Tramp «TrumpRx» nomli hukumat sayti ishga tushirilganini e’lon qildi. Ushbu sayt orqali amerikaliklar dori-darmonlarni yanada qulay narxlarda sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda bugun, 6-fevral kuni «DPA» agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, dori-darmonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri sayt orqali sotilmaydi. Biroq foydalanuvchilar u yerda retsept asosida beriladigan dori vositalarini topishlari va ularni sotib olishda qancha mablag‘ni tejash mumkinligini bilishlari mumkin bo‘ladi. Aynan shu narxda dori sotib olish uchun kuponni yuklab olish va uni hamkor dorixonalardan birida taqdim etish kerak bo‘ladi. Shuningdek, portal kerakli dorini to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan sotib olish imkoniyatini ham ko‘rsatadi.

«DPA» ma’lumotlariga ko‘ra, sayt ishga tushirilgan paytda unda taxminan 40 ta dori-darmon mavjud bo‘lgan, jumladan ozish uchun mo‘ljallangan preparatlar ham bor. Biroq jurnalistlar Donald Tramp va’da qilayotgan darajada katta chegirmalarni iste’molchilar haqiqatan ham ola oladimi-yo‘qmi, degan masalada ishonch bildirishmayapti. Shu bilan birga, AQSHdagi qator farmatsevtika konsernlari o‘z mahsulotlarini «TrumpRx» sayti orqali chegirma bilan taklif etishga allaqachon rozilik bergan.

AQSHda hayot qimmatligi

AQSH dori-darmonlar sotiladigan eng qimmat bozorlardan biri hisoblanadi. Yevropa va Osiyo mamlakatlarida esa, odatda, bozor qat’iyroq tartibga solinadi va maksimal narxlar bo‘yicha kelishuvlar mavjud.

AQSHda hayot qimmatligi masalasi uzoq vaqtdan beri muhokama qilib kelinmoqda. Dori-darmon narxlari esa bu muammoning faqat bir jihatidir. Shu fon ortida Trampni ko‘pincha tashqi siyosatga haddan tashqari ko‘p e’tibor qaratayotgani va amerikaliklarning ichki muammolariga yetarlicha diqqat qaratmayotgani uchun tanqid qilishadi.

Teglar

Mavzuga oid