
Tramp o‘zini Venesuela prezidenti sifatida ko‘rsatilgan rasmini e’lon qildi
AQSH prezidenti ijtimoiy tarmoqda hazil post qoldirib, Venesueladagi so‘nggi siyosiy voqealarga ishora qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida u Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatida ko‘rsatilgan hazil suratni e’lon qildi. Post jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otib, siyosiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Surat Trampning «Vikipediya»dagi tarjimayi holi skrinshoti ko‘rinishida tayyorlangan. Unda Tramp AQSHning 45- va 47-prezidenti sifatida, shuningdek 2026 yil yanvaridan Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 3-yanvarga o‘tar kechasi AQSH harbiylari Venesuelada maxsus amaliyot o‘tkazgan. Amaliyot davomida mamlakatning amaldagi prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores qo‘lga olingan. Ular AQSHda narkoterrorizm, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovlari bo‘yicha sud qilinmoqda.
Amaliyotdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tramp Maduro endi prezident emasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tish davrida Venesuela boshqaruvi vaqtincha AQSH nazoratida bo‘ladi. Shu bilan birga, Tramp muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machadoni davlat rahbarligi uchun yetarli salohiyatga ega emas, deya baholagan.
O‘sha kuni Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges vaqtincha davlat rahbari sifatida qasamyod qilgan. Tramp esa yangi rahbariyat «to‘g‘ri yo‘l tutmasa», Maduroga nisbatan qo‘llanilgan choralardan ham og‘irroq oqibatlar bo‘lishini ta’kidlagan.
Shuningdek Donald Tramp ma’muriyati Rodrigesga to‘rtta talab qo‘ygan:
Birinchi talab — Venesuelada narkotrafikka qarshi kurashni keskin kuchaytirish.
Ikkinchi talab — AQSHga dushman deb hisoblangan davlatlar va tarmoqlarga mansub shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborish. Gap, avvalo, Eron, Kuba hamda boshqa davlatlarning maxsus xizmat vakillari haqida ketmoqda.
Uchinchi talab neft sohasiga taalluqli. AQSH Venesuela neftining Amerikaga qarshi davlatlarga sotilishini to‘xtatishni talab qilmoqda. Manbalarga ko‘ra, bu talab bajarilmasa, iqtisodiy bosim va sanksiyalar saqlanib qoladi.
To‘rtinchi talab — Venesuelada erkin va adolatli saylovlar o‘tkazishga ko‘maklashish va keyinchalik hokimiyatdan ketish.





