
Tramp Putin bilan uchrashuvga tayyor: faqat bir shart bilan — Oq uy manbasi
AQSH prezidenti Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaraga faqatgina Kreml Zelenskiy bilan uchrashuvga rozi bo‘lgan taqdirdagina tayyor.

The New Post va ABC News nashrlarining Oq uydagi manbalari ma’lum qilishicha, Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuv hozircha kelishilmagan. Kreml tomonidan aytilayotgan «uchrashuv bo‘yicha kelishuv bor», degan bayonotlarni AQSH rasmiylari rad etgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya prezidenti bilan uchrashuvni ma’lum shartlar asosida amalga oshirishga tayyor. Asosiy shart — Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan shaxsiy uchrashuvga rozi bo‘lishi lozim. Manbaning ta’kidlashicha, aynan shu mezon uchrashuvning o‘tkazilishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Oq uy rasmiylaridan birining aytishicha, Tramp Rossiya bilan konstruktiv muloqot tarafdori, ammo bu muzokaralar Ukraina bilan ham muloqot ochiq bo‘lgan holatdagina samara beradi. Bu esa Kremlni Zelenskiy bilan ham uchrashuvga rozi bo‘lishga majbur qilishi mumkin.
Putin avvalroq BAAda Tramp bilan uchrashuvni o‘tkazish mumkinligini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning do‘stlari — jumladan, BAA rahbariyati — bunday sammitni o‘tkazishda yordamga tayyor.
Shu bilan birga, Tramp Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotdan avval AQSH, Yevropa va Ukraina o‘rtasida kelishilgan umumiy yondashuvni shakllantirish kerakligini ta’kidlagan. Bu munosabatlar kelajagi uchun muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.





