add

Tramp: Putin energetik «otashkesim» bo‘yicha «so‘zida turdi»

AQSH prezidentining versiyasiga ko‘ra, Vladimir Putin Ukrainaga «yakshanbadan yakshanbagacha» zarba bermaslikka so‘z bergan va o‘z so‘zida turgan.

Tramp: Putin energetik «otashkesim» bo‘yicha «so‘zida turdi»

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin go‘yo unga bergan so‘zida turganini, kuchli sovuq paytida bir hafta davomida ukrain shaharlarini o‘qqa tutmaslikka va’da berganini aytdi.

«Bu yakshanba kunidan yakshanbagacha edi, keyin hammasi qayta boshlandi va u o‘tgan tun qattiq zarba berdi. U so‘zida turdi. Bu katta narsa, bilasiz, bir hafta... Juda-juda sovuq edi, lekin bu yakshanba kunidan boshlangan va u yakshanbagacha chidadi», – dedi Tramp kecha, 3-fevral kuni oqshomida Oq uyda jurnalistlar savollariga javob berar ekan.

Oq uy rahbari yana bir bor Putinni Kreml tomonidan qariyb to‘rt yil avval boshlangan Ukrainadagi urushni tugatishga chaqirdi.

«Men uni urushni to‘xtatishini istayman. Men uning bunday qilishini istardim», – dedi Tramp jurnalistning Putin nega sulhni uzaytirmaganidan xafami, degan savolga javoban.

Shu kuni ertaroq Oq uy matbuot kotibi Karolayn Levitt Tramp 3-fevral kuni tungi paytda Rossiya tomonidan Ukraina poytaxti Kiyevga qilingan yirik raketa va dronlar hujumidan «hayratlanmaganini» aytgan edi.

«Bugun ertalab bu haqda prezident bilan gaplashdim va, afsuski, uning reaksiyasi hayrat emas edi. Bu bir necha yildan beri juda shafqatsiz urush olib borayotgan ikki davlat. Agar prezident hali ham hokimiyatda bo‘lganida, bu urush umuman boshlanmagan bo‘lardi», – deb tushuntirdi u jurnalistlarga.

Tramp 29-yanvar kuni: Putin Ukraina shaharlariga bir hafta zarba bermaslikka rozi bo‘ldi

Donald Trampning aytishicha, 29-yanvar kuni Oq uyda o‘z ma’muriyati yig‘ilishida u shaxsiy murojaatidan so‘ng Putin kuchli sovuq sabab yaqin yetti kun ichida Kiyev va boshqa ukrain shaharlarini o‘qqa tutmaslikka rozi bo‘lgan. Bu suhbat necha kun oldin bo‘lib o‘tganini u ochiqlamadi. O‘sha kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham qishki sovuq davrda energetik otashkesim bo‘yicha kelishuvga erishilganini tasdiqladi va Trampning bayonotini olqishladi.

Ukraina Qurolli Kuchlari Havo kuchlarining kunlik hisobotlariga ko‘ra, 26-yanvar kuni tungi paytda Rossiya Ukrainaga 138 ta zarbali dron uchirgan; keyingi sutka davomida – 135 ta dron; 28-yanvar kuni 146 ta dron va «Iskander-M» raketaci bilan hujum qilgan; 29-yanvar – 105 ta dron; 30-yanvar – 111 ta dron va yana «Iskander-M» raketaci. Rossiya o‘qqa tutishlari intensivligining nisbatan kamayishi faqat 1-fevral tungi paytda (85 ta zarbali dron) va 2-fevral kuni (90 ta dron) kuzatildi.

Rossiya va uning «energetik otashkesim»i

Rossiya 2-fevral tungi paytda Ukraina energetik infratuzilmasiga zarbalarni qayta boshlab, Tramp tomonidan to‘rt kun oldin e’lon qilingan «energetik otashkesim»ni buzdi. Ukraina energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Artyom Nekrasovning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari Xarkov, Sumi, Dnepropetrovsk va Cherkassi viloyatlaridagi energetik obyektlarga hujum qilgan. 3-fevral tungi paytda Ukraina Qurolli Kuchlari Havo kuchlari, shuningdek, Kiyev va Xarkov hokimiyatlari «Telegram» orqali mamlakatning bir qator hududlariga qarshi ommaviy kombinirlangan zarbalar berilganini xabar qildi.

Ushbu hujumlar vaqtida Rossiya jami 450 ta dron va 60 tadan ortiq raketa qo‘llaganini mamlakat tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga «X» ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin harorat pasayishini kutgan va Ukraina energetik tizimiga zarba bergan.

Kiyev AQSHning reaksiyasini kutmoqda, senator Ukrainaga «Tomohawk» yetkazib berishga chaqirdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 3-fevral kuni kechqurun «Telegram»da yozishicha, Ukraina hukumati Rossiyaning navbatdagi tajovuzkor harakatlariga Vashingtonning reaksiyasini kutmoqda.

«Bu aynan Amerika tomonidan berilgan taklif edi: diplomatiya davrida va shunday sovuq qish sharoitida energetikaga zarbalarni to‘xtatish», – deya eslatdi u va AQSH prezidentining shaxsiy iltimosiga Rossiya «ballistika bo‘yicha rekord» bilan javob berganini ta’kidladi.

Zelenskiyning qayd etishicha, «Rossiyadan so‘ralgan haftaning to‘rt kuni ham o‘tmagan».

«Rossiyaning urushga bo‘lgan stavkasi dunyo javobini olishi kerak», – deb yana bir bor chaqiriq qildi u.

O‘z navbatida, Janubiy Karolinadan saylangan respublikachi senator Lindsi Grem «Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga va Ukrainaga ommaviy hujumlarni to‘xtatishga majburlash uchun qilayotgan bosimimiz ishlamayapti», – deb tan oldi. Trampning safdoshi Putinning «harbiy mashinasi»ni qo‘llab-quvvatlayotgan neft xaridorlarini ta’qib qilish borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etgan holda, 3-fevral tungi navbatdagi ommaviy hujumdan keyin prezidentni «Ukrainaga harbiy jihatdan vaziyatni o‘zgartiradigan «Tomahawk» raketalarini yetkazib berish jarayonini boshlashga» chaqirdi.

«Yaqin kunlar va haftalarda Putinga bosimni kuchaytirishimiz kerak. Agressiyani haddan tashqari rag‘batlantirish sifatida qabul qilinadigan har qanday muzokaralar butun dunyoda falokatlarga olib keladi. Aksincha ham to‘g‘ri: agar muzokaralar erkin, kuchli va mustaqil Ukraina yaratilishiga olib kelsa, u muayyan yon berishlarga majbur bo‘lgan bo‘lsa ham, dunyo ancha barqaror bo‘ladi. Vaqt hal qiluvchi ahamiyatga ega», – deb yozdi Lindsi Grem «X» ijtimoiy tarmog‘ida.

Ukraina, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi Abu Dabidagi muzokaralar qoldirildi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini yakunlash bo‘yicha Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar 4-5-fevralga ko‘chirildi va Abu Dabida o‘tadi, deb xabar qildi 1-fevral kuni prezident Zelenskiy.

«Ukrainada tinchlik bo‘yicha muzokaralar Rossiya va AQSH uchrashuvidan so‘ng qoldirildi», – deb yozdi shu kuni «The New York Times» gazetasi, muzokaralarning so‘nggi raundi nega ko‘chirilgani sabablari aniq emasligini ta’kidlab.

BAAda 1-fevral kuni rejalashtirilgan muhokamalardan bir kun oldin Rossiya prezidentining xorijiy davlatlar bilan investitsiya-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev Floridada Amerika delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Dmitriyevning tushuntirishicha, tomonlar ham «Ukraina bo‘yicha tartibga solish», ham AQSH bilan iqtisodiy hamkorlik mavzularini muhokama qilgan.

Teglar

Mavzuga oid