
Tramp Qozog‘iston Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishini aytdi
Qozog‘iston Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi ma’lum qilindi.
Qozog‘iston rasmiy ravishda Isroil va qator arab mamlakatlari o‘rtasidagi Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish niyatini ma’lum qildi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social’da yozdi, deya xabar qilmoqda «Reuters» axborot agentligi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston uning “ikkinchi prezidentlik muddatida kelishuvlarga qo‘shiladigan ilk davlat” bo‘ladi. Yaqin kunlarda kelishuvni rasmiy imzolash marosimi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Ostona bu orqali o‘zining Isroil bilan aloqalarini institutsional jihatdan mustahkamlashni ko‘zlamoqda. Qozog‘iston 1992 yildan beri Isroil bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida mudofaa, kiberxavfsizlik, energiya va oziq-ovqat texnologiyalari sohalarida hamkorlik allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.
Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari sammiti oldidan AQSH davlat kotibi Marko Rubio Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashib, savdo, investitsiya, energiya va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, Ibrohim kelishuvlari ilk bor 2020 yilda BAA va Bahrayn bilan imzolangan, keyinchalik Marokash va Sudan qo‘shilgan. Qozog‘istonning bu jarayonga qo‘shilishi Isroilning G‘azodagi urush tufayli yuzaga kelgan diplomatik yakkalanishini yumshatishi mumkin, degan fikrlar ham bildirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va AQSH o‘rtasida kritik ahamiyatga ega bo‘lgan minerallar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani haqida xabar bergan edik.





