
Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida yadroviy urushni to‘xtatganini aytdi
AQSH prezidenti yadroviy mojarolarni bartaraf etganini da’vo qilar ekan, yangi strategik qurollar kelishuvini ishlab chiqishni taklif qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida ehtimoliy yadroviy urushning oldi olinganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, u bir nechta mintaqada yadroviy mojarolar kengayishini to‘xtatgan. Bu haqda u «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.

«Men butun dunyo bo‘ylab yadroviy urushlar kengayishini to‘xtatdim — Hindiston va Pokiston, Eron va Isroil, shuningdek Rossiya va Ukraina o‘rtasida», — deya ta’kidladi Tramp.
Ushbu bayonot Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush davom etayotgan, yadroviy xavf mavzusi xalqaro kun tartibidan tushmayotgan bir paytda aytildi. Biroq rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainada yadroviy qurol mavjud emas.
Yadroviy status masalasi
Ukraina 1994 yilda «Budapesht memorandumi» doirasida yadroviy quroldan voz kechgan. Bu qaror AQSH, Buyuk Britaniya va Rossiya tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilgani evaziga qabul qilingan edi.
Ammo ushbu kafolatlar Qrim anneksiyasi paytida ham, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin ham amalga oshmadi. Shu bois Kiyev bir necha bor xalqaro kafolatlar samaradorligi masalasini ko‘tarib kelmoqda.
Shu fonda Trampning Rossiya va Ukraina o‘rtasida yadroviy urush xavfini bartaraf etgani haqidagi bayonoti ekspertlar orasida turlicha baholanmoqda.
Yangi kelishuv taklifi
Tramp shuningdek AQSH va Rossiya o‘rtasidagi strategik qurollarni qisqartirish to‘g‘risidagi «Sstrategik hujum qurollari-3» shartnomasini uzaytirishga qarshi ekanini bildirdi. Uning fikricha, bu hujjat o‘rniga yangi, zamonaviy va samarali kelishuv ishlab chiqilishi lozim.
«SHQ-3 AQSH uchun yomon kelishilgan va qo‘pol ravishda buzilayotgan shartnoma. Biz yadroviy ekspertlarimizga uzoq muddat amal qiladigan yangi kelishuv tayyorlashni topshirishimiz kerak», — dedi Tramp.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa shartnoma muddati tugagach, Moskva uning majburiyatlari bilan o‘zini bog‘liq deb hisoblamasligini bildirgan. Axios ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar hozircha yana olti oy davomida «SHQ-3» shartlariga rioya qilishga kelishgan.





