
Tramp Rossiyaning ulkan yo‘qotishlarini e’lon qilib, ularni Ukrainaning yo‘qotishlari bilan solishtirdi
01.08.2025 | 22:0032263
Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga oid so‘nggi hisob-kitoblarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiya tomoni joriy yil boshidan buyon katta yo‘qotishlarga uchragan.

AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Rossiya–Ukraina urushi bo‘yicha o‘z bayonotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2025 yil boshidan buyon Rossiya 112 500 nafar harbiy xizmatchisini yo‘qotgan, ulardan 20 mingga yaqini so‘nggi bir oy ichida halok bo‘lgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi ham yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda, biroq ularning miqdori Rossiyanikidan ancha kam. Ukraina janglarda bedarak yo‘qolganlarni hisobga olmaganda, 8 mingga yaqin harbiy xizmatchini yo‘qotgan.
Urushda tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar haqida ham to‘xtalgan Tramp, ayniqsa Kiyev va boshqa shaharlarga qilingan raketa hujumlari natijasida halok bo‘lganlar sonini ta’kidlagan, biroq bu yo‘qotishlarni «kichikroq miqyosda» deb baholagan.
AQSH prezidenti bu mojaroni «Bayden urushi» deb atagan va agar o‘zi prezident bo‘lganida, urush boshlanmasligini ta’kidlagan. «Bu urush hech qachon bo‘lmasligi kerak edi — bu Baydenning urushi, mening emas. Men buni to‘xtatish uchun bu yerdaman», — deb yozdi u.





