
Tramp tanlov qarshisida qoldi: tinch diplomatiya barbod bo‘ldi — WSJ
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlikka erishishga navbatdagi urinishda ham muvaffaqiyatga erisha olmadi.

The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Alyaskadagi uchrashuvdan bir hafta va Oq uydagi sammitdan to‘rt kun o‘tiboq, Trampning tinchlik tashabbuslari yana to‘siqqa uchradi. Nashrning ta’kidiga ko‘ra, AQSH prezidentidagi umidlar so‘nmoqda.
21 avgust kuni Truth Social tarmog‘ida Tramp Ukraina Rossiya hududiga zarba bera olmas ekan, urushda g‘alaba qozona olmasligini qayd etdi. «Fantastik himoyasi bor jamoaga hujum qilish taqiqlangan bo‘lsa, g‘alaba imkonsiz», — deb yozdi u va javob zarbasiga ruxsat bermagan Jo Baydenni tanqid qildi.
WSJ’ning ta’kidlashicha, Tramp bu hafta ham o‘zining yetti oylik prezidentligi davomida ko‘tarilgan asosiy muammoga yuz tutayotir: u Putinga bosim o‘tkazish va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashda qanchalik uzoqqa borishga tayyor?
Nashrga ko‘ra, Tramp Zelenskiy va Putinni uchrashtirish orqali urushni to‘xtatishga umid qilgan edi — lekin bu reja ham amalga oshmaydiganga o‘xshayapti. AQSH va Yevropa diplomatlari hozirda Kiyevga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Shu jumladan, Ukrainaga xalqaro tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish formati muhokama qilinmoqda.
Biroq Kreml Ukraina hududida xorijiy harbiylar bo‘lishini qabul qilmasligini aniq bayon etgan. Bu esa yaqin vaqt ichida tinchlik rejasi bo‘yicha kelishuv ehtimolini yanada qiyinlashtiradi.





