
Tramp TikTok bo‘yicha bitimni imzoladi: kompaniyani 14 mlrd dollarga baholashdi
26.09.2025 | 11:0029953
Donald Tramp TikTok’ni bloklash o‘rniga uni AQSH korporatsiyalari nazoratiga o‘tkazdi. Endi ilovadan xavotirsiz foydalanish mumkinmi?

AQSH prezidenti Donald Tramp TikTok bo‘yicha muhim qaror qabul qildi. 25 sentyabr kuni u hujjatga imzo chekib, ilovani bloklash o‘rniga uning nazoratini amerikalik investorlar qo‘liga o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Oq uy.
Kompaniya 14 mlrd dollarga baholangan. Vitse-prezident Jey Di Vens ta’kidlashicha, endi TikTok «amerikaliklarga qarshi targ‘ibot quroli sifatida» ishlatilmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bitim AQSH qonunlari talab qiladigan shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlaydi.
«Endilikda amerikaliklar TikTok’dan avvalgidan ham ko‘proq ishonch bilan foydalanishi mumkin. Albatta, biz bu yo‘nalishda ishni davom ettiramiz», — dedi Vens.Bitimda Oracle kompaniyasi muhim rol o‘ynaydi: AQSHdagi barcha foydalanuvchi ma’lumotlari ularning bulut infratuzilmasida saqlanadi. Shuningdek, TikTok’ning video tavsiya algoritmi ByteDance nazoratidan chiqarilib, AQSH hududida qayta yo‘lga qo‘yiladi. Trampning aytishicha, investorlar orasida Larri Ellison, Maykl Dell va Merdoklar oilasi kabi yirik milliarderlar bor. Uning ta’kidlashicha, «yo‘qotib bo‘lmaydigan summalar» haqida gap ketmoqda. Eslatib o‘tamiz, yanvardan beri TikTok bloklanishi haqidagi qaror bir necha marta kechiktirib kelingan edi. Vashington Xitoy nazoratidagi ilovani milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rmoqda.





