add

Tramp: «Tomahawk o‘zimizga ham kerak» — Ukraina, Rossiya va Xitoy haqida

19.10.2025 | 23:0642934

AQSH prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Ukrainaga Tomahawk raketalarini berish ehtimoli, Rossiya bilan tinchlik muzokaralari va Xitoy bilan savdo munosabatlari haqida fikr bildirdi.

Tramp: «Tomahawk o‘zimizga ham kerak» — Ukraina, Rossiya va Xitoy haqida
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini berish masalasi hali muhokama qilinayotganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan mojaroni hal etish jarayonida Vladimir Putin «Ukrainaning ayrim hududlarni o‘zida saqlab qolishi mumkin». Fox News telekanalidagi Sunday Morning Futures dasturiga bergan intervyusida Tramp yetakchi Mariya Bartiromo savoliga javob berib shunday dedi:
«Putin ma’lum bir narsani oladi — chunki u allaqachon ma’lum hududlarni egallagan».
Shu bilan birga, Tramp Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga erishish mumkinligiga ishonch bildirdi:
«Bu oson emas, lekin bizda savdo va hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar bor. Barchasi muvaffaqiyatli tugashiga umid qilaman».
Tomahawk qanotli raketalarining Ukrainaga berish ehtimoli haqida Tramp shunday dedi:
«Biz Ukrainaga barcha quol-yarog‘larimizni bera olmaymiz. Men AQSHning harbiy salohiyatini xavf ostiga qo‘ya olmayman. Tomahawkʼlar AQSHning o‘ziga ham kerak».
Xitoy haqida gapirar ekan, Tramp shunday dedi:
«Xitoy har doim foyda izlaydi va AQSHni ko‘p yillar davomida aldab kelgan. Men urush boshlamayman, lekin adolatli savdo bitimi kerak».
U Xitoy mahsulotlariga 100 foizlik tarif joriy etish iqtisodiyot uchun og‘ir bo‘lishi mumkinligini aytdi, ammo «Pekin shunday qadamga majbur qilganini» qo‘shimcha qildi. Tramp ikki haftadan keyin Si Jinping bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuv natijalari savdo munosabatlarining kelgusi yo‘nalishini belgilashini ta’kidladi. G‘azo masalasiga to‘xtalar ekan, Tramp shunday dedi:
«Agar HAMAS qurolini ixtiyoriy topshirmasa, boshqa kuchlar uni qurolsizlantiradi. Ammo AQSH harbiylari G‘azoga kirmaydi».
AQSH prezidenti so‘zlariga ko‘ra, AQSHning bu yo‘nalishdagi ishtiroki faqat «Tinchlik kengashi» orqali amalga oshiriladi va mamlakat «u yerda urush emas, barqaror boshqaruv uchun yordam beradi».

Teglar

Mavzuga oid

Tramp: «Tomahawk o‘zimizga ham kerak» — Ukraina, Rossiya va Xitoy haqida | Vaqt.uz