
Tramp: Ukraina bo‘yicha kelishuv Yevropa va Zelenskiyga bog‘liq
16.08.2025 | 11:0040453
Tramp Ukraina mojarosi bo‘yicha kelishuv ehtimoli yuqoriligini ta’kidlab, Yevropa davlatlari va Zelenskiyning pozitsiyasi hal qiluvchi omil bo‘lishini aytdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Putin bilan uchrashuvi natijalari bo‘yicha Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytgan asosiy gaplari:
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi nizoni hal qilish imkoniyati hozir Zelenskiy va Yevropa davlatlarining qo‘lida.
Tramp Zelenskiy Rossiya bilan mojaroda ko‘p narsadan ayrilganini tan olishi zarurligini ta’kidladi. U Kiyevga Moskva bilan kelishuv yo‘lini topishni tavsiya qildi. Shu bilan birga, Tramp Rossiyani kuchli davlat deb baholab, Ukraina unga tenglasha olmasligini ochiq aytib o‘tdi.
U Putin bilan o‘tgan muzokaralarda sezilarli ilgarilashga erishilganini va Ukraina bo‘yicha kelishuv tuzilishi ehtimoli yuqori ekanini bildirdi. Trampning fikricha, mojaro tugashi ham Putin, ham Zelenskiy uchun katta yutuq bo‘ladi.
Tramp Yevropa davlatlari Ukraina masalasini hal qilishda faolroq ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu jarayonda AQSH ham katta rol o‘ynaydi, ammo Yevropa o‘z mas’uliyatini ham zimmasiga olishi shart.
Shuningdek, Tramp Rossiyaning kuchli yadroviy salohiyatini eslab, bu omilni hech qachon unutmaslik kerakligini qo‘shimcha qildi. U o‘zini kelgusida Putin va Zelenskiy uchrashuvida ishtirok etish imkoniyatini ham istisno etmadi.





