add

Tramp va Putin Ankorijdagi harbiy bazada uchrashadi

13.08.2025 | 14:0022546

AQSH va Rossiya prezidentlari 15 avgust kuni Alyaskadagi eng yirik shahar Ankorijda uchrashib, Ukrainadagi urushni to‘xtatish masalasini muhokama qiladi.

Tramp va Putin Ankorijdagi harbiy bazada uchrashadi
AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 avgust, juma kuni Alyaska shtatining eng yirik shahri Ankorijda uchrashadi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp uchrashuvdan asosiy maqsad sifatida Ukrainadagi urushni to‘xtatish va qurbonlar sonini kamaytirishni ko‘rmoqda. «Prezident Tramp bu urushni tugatish va qon to‘kilishini to‘xtatish uchun qat’iy niyatda», — dedi Livitt. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Tramp juma kuni ertalab mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, Ankorijga yetib boradi va u yerda Putin bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi. Muzokara kun tartibi va aniq vaqti hozircha ishlab chiqilmoqda. CNN ma’lumotiga ko‘ra, prezidentlarning uchrashuvi Ankorijdagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida bo‘lib o‘tadi. Ankorij Alyaskaning janubiy qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, shtat aholisining qariyb 40 foizi shu yerda yashaydi. Geografik joylashuvi va xalqaro yo‘nalishlarga yaqinligi tufayli shahar tarixan strategik ahamiyatga ega hisoblanadi. Oq uy matbuot kotibi Trampning ilgariroq aytgan «juma kuni Rossiyaga boraman», degan gapiga izoh berar ekan, bu safar sammit AQSH hududida o‘tishiga urg‘u berdi. Livittning aytishicha, kelgusida prezidentning Rossiyaga tashrifi ehtimoldan xoli emas, ammo bu galgi uchrashuv Alyaskada bo‘ladi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning ma’lum qilishicha, uchrashuv Rossiya prezidentining iltimosiga ko‘ra tashkil etilgan. Putin ushbu taklifni AQSH prezidentiga Moskvada o‘zi bilan muzokaralar o‘tkazgan Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff orqali yetkazgan. «Prezident Putinning iltimosidan so‘ng Tramp uchrashuvga rozilik berdi. Bu uchrashuvdan prezidentning maqsadi — urushni tugatish yo‘llarini yaxshiroq anglab yetish», — dedi Livitt. U, shuningdek, kelgusida AQSH, Rossiya va Ukraina prezidentlari ishtirokida uch tomonlama sammit o‘tkazilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi. Oq uy vakiliga ko‘ra, Zelenskiy hozirda boshqa xalqaro muloqotlarda ishtirok etadi. Xususan, 13 avgust, chorshanba kuni Tramp Germaniya kansleri Fridrix Mers chaqirgan Ukraina bo‘yicha virtual yig‘ilishda qatnashadi. Unda Germaniya, Finlandiya, Fransiya, Britaniya, Italiya, Polsha va YeI rahbarlari, NATO bosh kotibi Mark Ryutte hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirok etadi. Tramp, shuningdek, Alyaskadagi sammitdan keyin Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan alohida muloqot qilish niyatini bildirgan. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas esa BBCʼga bergan intervyusida Ukraina taqdiriga oid har qanday kelishuv Kiyev ishtirokisiz qabul qilinmasligini ta’kidladi. Kallasning fikricha, Putin Tramp bilan birga ko‘ringan surat orqali sanksiyalarni kechiktirishga harakat qiladi, ammo Ukraina hududini bo‘lish rejasi amalga oshmaydi. «Yevropa va Ukraina bunga rozi bo‘lmaydi. Ukraina muzokaralar stolida bo‘lishi shart», — dedi u.

Teglar

Mavzuga oid