
Tramp va Putin Vengriyada uchrashib, urushni tugatish imkonini izlamoqchi
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Vengriya poytaxti Budapeshtda uchrashishini ma’lum qildi. Uningcha, uchrashuv maqsadi — Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi «sharafsiz» urushni tugatish yo‘llarini muhokama qilish.

AQSH va Rossiya yana bir yuqori darajadagi muzokaraga tayyorlanmoqda. Bu haqda Oq uy xabar berdi. Prezident Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozganida, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda uchrashishini tasdiqladi.
«Prezident Putin va men kelishilgan joy — Vengriyaning Budapesht shahrida uchrashamiz. U yerda biz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi «sharafsiz» urushni tugatish imkonini ko‘ramiz», — deb yozdi Tramp Putin bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng.
AQSH prezidenti ta’kidlashicha, kelgusi sammitda Amerika delegatsiyasiga davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qiladi. Unga «boshqa tayinlanadigan shaxslar ham» hamrohlik qiladi.
Tramp va Putin oxirgi bor 15 avgust kuni Alsyaka shatatinng Ankorij shahridagi harbiy bazada uchrashgan edi. O‘shanda muzokaralar markazida ham Ukrainadagi harbiy mojaro turgan.
Oq uyning ma’lum qilishicha, ertaga Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashadi. Suhbat chog‘ida Putin bilan bo‘lgan muloqot natijalari va Ukrainaga qurol yetkazib berish masalalari muhokama qilinadi. Trampning ta’kidlashicha, Zelenskiy asosan Tomahawk qanotli raketalarni olish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi.
Shu bilan birga, Axios nashri manbaga tayanib yozishicha, Moskva va Vashington rahbarlari Budapeshtdagi uchrashuv oldidan Ukraina mojarosini muhokama qilishni rejalashtirgan. Ushbu sammit ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.





