
Tramp va Putinning Alyaskadagi Ukraina bo‘yicha sammiti muvaffaqiyatsiz o‘tishi mumkin — WP
10.08.2025 | 18:0017534
The Washington Post nashriga ko‘ra, Kreml Ukraina masalasida yon berishi mumkin bo‘lgan birorta belgi ko‘rsatmagan, sammit ramziy jihatdan bahsli hisoblanmoqda.

10 avgust kuni AQSH shtati Alyaskada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp sammit o‘tkazadi. Bu Putinning 2007 yildan beri AQSHga birinchi safari bo‘ladi. Rossiyada uchrashuv o‘tkazilishiga ijobiy munosabat bildirilgan, ammo Ukraina bo‘yicha biror yo‘l qo‘yish rejasi yo‘q, deb yozadi The Washington Post.
Rossiyaning maxsus iqtisodiy vakili Kirill Dmitriyev sammit joyini ramziy deb atadi. U Alyaskani «Rus Amerikasi» deb yodga olib, uning tarixiy bog‘liqliklari va arktik ahamiyatini ta’kidladi.
Tahlilchilar Kremlning Ukraina bo‘yicha maqsadlari — mamlakatni demilitarizatsiya qilish va NATO ta’sir doirasidan chiqarish hamon o‘zgarmaganini aytishmoqda. Karnegi markazi tahlilchisi Tatyana Stanovaya Tramp Rossiya bilan to‘qnashuvdan qochishini va yaqinda ultimatumi tugashidan oldin yangi urinish qilganini qayd etdi.
Nomini oshkor etmagan sobiq Kreml mansabdori Moskva faqat vaqtincha otashkesimni ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy jihatdan Kreml uchun Ukraina to‘liq mahv bo‘lguncha urushni davom ettirish osonroq.
Uchrashuv joyi G‘arbda ham tanqidga uchradi. AQSHning sobiq elchisi Maykl Makfol Alyaskani «Rossiya imperial tarixi»ning bir qismi sifatida ta’riflab, rus millatchilari uning yo‘qotilishini Ukraina kabi «tarixiy adolatsizlik» deb biladi, dedi. London Qirollik kolleji professori Sem Grin esa Alyaskani tanlash sammitning chegaralarni o‘zgartirish va yerni sotib-olish mumkinligini ko‘rsatish kabi salbiy ramziy ma’no berishi haqida ogohlantirdi.
Tramp ilgari Putinni bir necha bor maqtagan, ammo oxirgi haftalarda Kremlning to‘liq otashkesimga rozi bo‘lmasligidan norozilik bildirgan. Moskva tahlilchilariga ko‘ra, sammit tashabbusi Trampdan chiqqan, bu uning ma’lum bir muomalaga ochiqligidan dalolat berishi mumkin.





