
Tramp va Zelenskiy Tomahawk raketalari yetkazilishini muhokama qilishdi — Axios
12.10.2025 | 11:5729473
AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy telefon orqali suhbatlashib, Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini yetkazib berish imkoniyatini muhokama qildilar.

Axios nashrining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, suhbat taxminan 30 daqiqa davom etgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu muloqotni «juda ijobiy va samarali», deb atagan. Manbalar aniq qaror qabul qilingan-qilinmaganini ma’lum qilmagan.
Zelenskiy Trampdan Tomahawk raketalarini Ukrainaga berish masalasini sentyabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishi chog‘idagi uchrashuvda so‘raganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga bu raketalarni qo‘llashga ehtiyoj «balki zarur ham bo‘lmas», chunki ularning mavjudligi muzokaralar jarayonini ilgari surishga yordam berishi mumkin.
Tomahawk raketalari Ukrainadagi hozirgi qurollardan ancha uzoq masofaga uchish imkoniyatiga ega. Ular qurol-aslaha omborlari kabi muhim ob’ektlarni dronlarga nisbatan samaraliroq yo‘q qilish qudratiga ega. Agar bu raketalar Ukraina ixtiyoriga beriladigan bo‘lsa, Moskva va Rossiya hududining uzoq ichkari qismlarigacha zarba berish imkoni paydo bo‘ladi.
7 oktyabr kuni Donald Tramp Tomahawk raketalarini Ukrainaga yuborish bo‘yicha qarori deyarli qabul qilinganini aytgan, ammo yakuniy rozilik Kiyevning ularni qanday ishlatish rejasiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu ehtimolni «muammolarni keskinlashtiruvchi va AQSH–Rossiya munosabatlariga katta zarar yetkazuvchi qadam» sifatida baholagan. Rasmiy Moskvaning fikricha, Tomahawk raketalarining Ukrainaga yetkazilishi tinchlik jarayonini qiyinlashtirishi mumkin.





