add

Tramp yana Rossiyaga sanksiyalar bilan tahdid qildi

17.05.2025 | 20:3347104

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishini bildirdi. Unga ko‘ra, agar Ukraina bilan muzokaralar samarasiz yakunlansa, iqtisodiy bosim yanada kuchaytiriladi.

Tramp yana Rossiyaga sanksiyalar bilan tahdid qildi
Donald Tramp Fox News’ga bergan intervyusida, Turkiyada boshlangan Ukraina-Rossiya muzokaralariga izoh berdi. U, agar kelishuvga erishilmasa, AQSH Rossiyaga nisbatan yana sanksiyalar joriy qilishini aytdi. «Rossiyada iqtisodiy vaziyat og‘ir, neft narxlari past. Yangi sanksiyalar ular uchun halokatli bo‘ladi», — dedi Tramp. Tramp o‘zini Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga qodir yetakchi sifatida ko‘rsatdi. U Putin bilan «yaxshi munosabatlar»i borligini, Rossiya rahbari urushdan charchagandek ko‘rinib turganini qayd etdi. Shuningdek, Tramp Javelin qurollari Ukrainaga uning ma’muriyati davrida yetkazib berilganini va bu urushda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lganini eslatdi. Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSH Rossiyadan 12 maydan 30 kunlik otashkesim talab qilgan edi. Putin bundan bosh tortdi va muzokaralarni 15 maydan Istanbulda davom ettirishni taklif qildi. Ukraina prezidenti Zelenskiy Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvga tayyorligini bildirgan, lekin Moskva uchrashuvga Vladimir Medinskiy boshchiligida delegatsiya yubordi. The Economist’ning ma’lum qilishicha, Rossiya delegatsiyasi muzokaralarda Xarkiv va Sumi oblastlarini egallash tahdidini bildirgan hamda Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlari to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tishi talab qilingan. Medinskiy, hatto, Rossiyaning 21 yillik Shvetsiya bilan urushini misol qilib keltirib, «ular bunga tayyor»ligini aytgan. Istanbuldagi muzokaralar ikki soatdan kam vaqt davom etdi. Yakka natija — 1000 ga 1000 formatida harbiy asirlarni almashish va muzokaralarni davom ettirish niyati bo‘ldi.      

Teglar

Mavzuga oid