
Tramp Yevropa rahbarlariga AQSHning yangi xaritasini ko‘rsatdi
U xaritada AQSHni uchta davlat hududi bilan kengaytirgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa yetakchilari bilan uchrashuv chog‘ida AQSHning yangi xaritasi aks etgan tasvirni ulashdi. Unda Kanada, Grenlandiya va Venesuela AQSH hududi sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, surat sun’iy intellekt yordamida tahrirlangani taxmin qilinmoqda.
Tramp ushbu tasvirni Truth Social platformasida joylashtirgan. U 2025 yil avgust oyida Vashingtonga tashrif buyurgan Yevropa yetakchilari — Emmanuel Makron, Kir Starmer va Ursula fon der Lyayen bilan olingan fotosuratning qayta ishlangan varianti ekani aytilmoqda.
Kanada va Venesuela bo‘yicha avvalgi bayonotlar
2025 yil yanvarda hokimiyatga qaytganidan beri Tramp Kanada haqida bir necha bor keskin bayonotlar berib, uni AQSHning 51-shtati sifatida tasavvur qilish mumkinligini bildirgan. Shuningdek, u avvalroq o‘zini «Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi» sifatida aks etgan tasvirni ham joylashtirgan edi.
Grenlandiya atrofidagi da’volar va boj tahdidlari
Prezidentning posti Grenlandiya masalasi atrofidagi eski da’volarni yana kun tartibiga olib chiqdi. Tramp Daniyaga qarashli, o‘zini o‘zi boshqaradigan hudud bo‘lgan Grenlandiyani milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSH nazoratiga olish zarurligini ta’kidlab keladi. U bu masalada harbiy kuch ishlatish ehtimolini ham inkor etmagan va bunga qarshilik qilayotgan Yevropa ittifoqchilariga nisbatan bojxona to‘lovlari bilan tahdid qilgan.
Yevropa yetakchilari Daniya va Grenlandiya bilan birdam ekanini bildirib, AQSH bayonotlarini qoralamoqda. Tramp esa agar Grenlandiya «to‘liq sotilmasa», 1-fevraldan ayrim Yevropa davlatlariga 10 foiz, 1-iyundan esa 25 foizlik boj joriy etishini aytgan.





