add

Tramp Yevropaga tariflar joriy qilish fikridan hozircha qaytdi

Bugun 08:182 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp NATO bilan muzokaralar ortidan Grenlandiya tufayli Yevropa Ittifoqiga qarshi tariflarni hozircha joriy etmasligini bildirdi.

Tramp Yevropaga tariflar joriy qilish fikridan hozircha qaytdi

AQSH prezidenti Donald Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan Grenlandiya va Arktika mintaqasi bo‘yicha «juda samarali uchrashuv» o‘tkazganini ma’lum qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ushbu muloqot davomida kelgusidagi ehtimoliy kelishuvning asosiy chegaralari belgilab olingan.

Shu munosabat bilan u 1-fevraldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan Yevropa davlatlariga qarshi boj tariflarini hozircha bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Trampning ta’kidlashicha, Grenlandiya masalasi faqat AQSH uchun emas, balki butun NATO xavfsizlik arxitekturasi uchun muhim ahamiyatga ega. Uning ta’kidlashicha, muzokaralar davom etmoqda va ayrim texnik hamda harbiy jihatlar hali ochiq qolmoqda. Xususan, AQSH prezidenti «Oltin gumbaz» deb atalgan loyiha haqida ham to‘xtalib o‘tdi va uning Grenlandiya bilan bog‘liq ekanini qayd etdi. Muzokaralar uchun vitse-prezident Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio hamda maxsus elchi Stiv Uitkoff mas’ul etib belgilandi.

 

Yevropaning keskin javobi

Tramp bayonotidan bir necha kun oldin Daniya rasmiylari AQSH bilan Grenlandiyani topshirish yoki sotish bo‘yicha har qanday muzokaralarni qat’iy rad etgan edi. Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen Kopengagen bunday muloqotga «asosiy prinsiplardan voz kechishga qurilgan formatda» kirishmasligini ochiq aytdi. Uning ta’kidlashicha, Grenlandiyani AQSHga berish g‘oyasining o‘zi dat jamiyati uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan masaladir.

Bu bayonotlar Trampning «Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha zudlik bilan muzokaralar kerak», degan so‘zlari ortidan yangradi. Yevropa poytaxtlarida esa bu chaqiriqlar bosim va iqtisodiy shantaj sifatida qabul qilindi. Ayrim manbalarga ko‘ra, AQSHning tarif tahdidlari Yevropa Ittifoqi doirasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgan va Vashington bilan savdo munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish masalasini kun tartibiga chiqargan.

 

Grenlandiyani anneksiya qilish masalasi

Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. Donald Tramp bu orolni bir necha bor AQSH milliy xavfsizligi uchun muhim deb atab, Rossiya va Xitoy tomonidan ehtimoliy tahdidlar bilan izohlagan.

17-yanvar kuni u Daniya va yana bir qator Yevropa davlatlariga qarshi 1-fevraldan 10 foiz, 1-iyundan esa 25 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgan edi. Bu qarorlar Grenlandiya bo‘yicha «to‘liq va yakuniy kelishuv»ga erishilmaguncha amal qilishi aytilgan.

Javob tariqasida Yevropa Ittifoqi AQSH bilan savdo kelishuvini muddatsiz muzlatishga qaror qildi. 20-yanvar kuni esa Mark Ryutte Tramp ma’muriyatiga anneksiya o‘rniga muqobil variant taklif etgani ma’lum bo‘ldi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, bu taklif 1951 yilgi Grenlandiyani himoya qilish shartnomasini qayta ko‘rib chiqish va Xitoy investitsiyalarini cheklash kafolatlarini o‘z ichiga oladi. Endi esa asosiy savol — muzokaralar haqiqiy kelishuvga aylanadimi yoki yangi bosim vositasi sifatida qoladimi, degan masala bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid