
Trampning 50 foizlik boj tahdidi Yevropa sanoatini milliardlab yevro yo‘qotishga olib kelishi mumkin
24.05.2025 | 12:003563
The Financial Times yozishicha, Donald Trampning 50 foizlik boj joriy qilish bo‘yicha yangi tahdidi Yevropa Ittifoqining farmatsevtika, avtomobilsozlik va aviatsiya sohalariga jiddiy zarba berishi mumkin. Umumiy iqtisodiy yo‘qotish YAIMning 0,5 foizigacha yetishi mumkin.

The Financial Times manbasiga ko‘ra, Trampning AQSHga import qilinadigan Yevropa tovarlariga 50 foizlik boj joriy etish rejasi Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotiga milliardlab yevro zarar yetkazishi mumkin. Asosiy tahdid farmatsevtika, avtomobilsozlik va aviatsiya sanoatiga tegishli.
2024 yilda Yevropa Ittifoqi AQSHga 530 mlrd yevro qiymatida mahsulot eksport qilgan bo‘lib, bu uning tashqi savdosining 20 foizidan ortig‘ini tashkil etgan. Farmatsevtika sohasi bu eksportda asosiy o‘rin tutib, 80 mlrd yevro hajmda mahsulot yetkazib berilgan. Agar bojlar oshirilsa, Yevroittifoqda dorilar tanqisligi va tarmoqdagi «katta falokat» yuz berishi mumkin.
Avtomobil sanoati ham jiddiy xavf ostida. AQSHda ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lmagan Yevropa brendlari uchun 39 mlrd yevrolik eksport iqtisodiy jihatdan maqsadga nomuvofiq bo‘lib qolishi mumkin. Bu esa Germaniya va Fransiya kabi avtosanoat yetakchilariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Aviatsiya sohasida esa Airbus va Boeing o‘rtasidagi global yetkazib berish zanjirlari buzilishi mumkin. Tariflar samolyot qismlari va texnik xizmat xarajatlarini oshirib yuboradi. Bu esa butun aviatransport bozoridagi barqarorlikni shubha ostiga qo‘yadi.
Tahlilchilarning baholashicha, 50 foizlik bojlar Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsulotining 0,5 foiziga teng iqtisodiy yo‘qotish keltirishi mumkin. Bu vaziyatda Yevroittifoqning AQSH bilan savdo munosabatlari yanada keskinlashishi mumkin.





